12:27 / 13.04.2021
2273
XTV jamoatchilik kengashi o‘qituvchilar faoliyatiga noqonuniy aralashuv jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishidan ogohlantirdi

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi 134-maktabga 100 km masofadan borib ingliz tilidan dars beradigan o‘qituvchi Shohnur Oqqo‘ziyev o‘quvchisiga «2» baho qo‘ygani sabab uning yaqinlari tomonidan kaltaklangani xabar qilingan edi. Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi ushbu voqea yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

«Millat sifatida qad rostlash va dunyoning rivojlangan davlatiga aylanishga faqatgina ta'lim sohasini isloh etish, buning uchun o‘qituvchilarni jamiyatda eng obro‘li qatlamga aylantirish orqaligina erishish mumkinligini barchamiz bilamiz.

Biroq afsuski hali hamon joylarda o‘qituvchilarni tahqirlash, kamsitish, haqoratlash hamda ularning faoliyatiga asossiz aralashish holatlari uchramoqda. Bugungi kunda Xalq ta'limi vazirligi bu borada o‘qituvchilarni himoya qilish pozitsiyasida ekanligini alohida qayd etish lozim.

Kuni kecha Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi 134-umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘qituvchisi Shohnur Oqqo‘ziyevning kasbiy faoliyatiga nisbatan jismoniy tazyiq, hattoki o‘qituvchining hayotiga bevosita tahdid qilingani, haqoratlangani, ayovsiz ravishda kaltaklanganligi holati yuzaga keldi.

Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi bu kabi ko‘ngilsiz voqealarni keskin qoralashini ma'lum qiladi.

O‘z navbatida, vatanimiz ravnaqi va rivoji uchun befarq bo‘lmagan barcha jamoatchilik vakillarini jamiyatda o‘qituvchilarga nisbatan umummilliy hurmat tuyg‘usini shakllantirish, kasbiy faoliyatiga aralashmaslikka chaqiradi.

Zero, bugungi kunda davlatimiz rahbarining o‘zi o‘qituvchilarning nufuzi va maqomini oshirish, ularning professional faoliyat bilan shug‘ullanishlariga ko‘proq sharoit yaratib berishga qaratilgan choralarni ko‘rish zarurligiga e'tibor qaratib, o‘qituvchilarning huquqlari davlat himoyasida ekanligini, ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuv javobgarlikka sabab bo‘lishini qayd etgan», deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, ushbu holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati munosabat bildirgan va hozirgi kunda Chiroqchi tuman IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Top