16:04 / 13.04.2021
72053

Yoshlar bilan ishlashdagi kamchiliklar uchun bir viloyat hokimi o‘rinbosari va ikki tuman hokimi ishdan olindi

Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Chori Begimqulov, Furqat tumani hokimi Dilmurod Soliyev hamda Ulug‘nor tumani hokimi Doniyor Maxsudov yoshlar bilan ishlashni lozim darajada tashkil etishmagani uchun ishdan ketdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar masalasiga bag‘ishlangan videoselektor chog‘ida ma'lum qildi.

Yoshlar masalasida yil boshidan buyon ikkinchi marta o‘tkazilayotgan yig‘ilishda davlat rahbari ko‘pchilik quyi bo‘g‘indagi rahbarlar masala mohiyatini tushunmayotgani, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha natijalardan mutlaqo norozi ekanini qayd etib o‘tgan.

Yig‘ilishda ayrim hududlarda ishsiz yoshlarning bandligini ta'minlash bo‘yicha holat qoniqarsiz ekani tanqid qilingan.

«Ishsiz yoshlarning bandligini ta'minlash Surxondaryo viloyatida 30 foizni (15 ming 500 nafar) tashkil etib, bu respublikadagi eng past ko‘rsatkich.
Xuddi shu kabi, Xo‘jaylida atigi 16 nafar (2 ming nafar yoshlar ishsiz), Furqatda 27 nafar (2,1 ming nafar), Ulug‘norda 78 nafar (3,7 ming nafar), Angorda 82 nafar (3,4 ming nafar) ishsiz yoshlar «1+1» loyihasi bilan qamrab olingan.

Yoshlar bilan yetarli ish olib borilmagani oqibatida, ular o‘rtasida jinoyatchilik Surxondaryoda 70 foizga oshgan (239 ta jinoyat).

Bu boradagi ahvol Shofirkon, Qamashi, Xiva va Chust tumanlarida ham qoniqarsiz», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shu bois, yoshlar bilan ishlashni lozim darajada tashkil etmagani uchun:

  • Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Begimqulov, Furqat tumani hokimi Soliyev va Ulug‘nor tumani hokimi Maxsudov;
  • yoshlar jinoyatchiligining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rmagani uchun Shofirkon va Qamashi tumanlari prokurorlari, Xiva va Chust tumanlari ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari;
  • yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun Xo‘jayli va Angor tumani soliq idoralari rahbarlari lavozimidan ozod etilishi ma'lum qilindi.

«Barcha olgan maoshlari qaytariladi va bolalar uyiga beriladi, birortasi davlat tizimida ishlamaydi. Yoshlar muammolarini hal qilish faqat prezidentga kerakmi?» – deya savol qo‘ygan prezident.

Chori Rahmonovich Begimqulov 2019 yil sentyabridan buyon Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. 

Chori Begimqulov

Dilmurod Soliyev 2020 yil boshidan buyon Farg‘ona viloyati Furqat tumaniga rahbarlik qilib kelgan.

Dilmurod Soliyev

Muqaddam Andijon viloyatining Buloqboshi tumaniga hokimlik qilgan Doniyor Maxsudov 2017 yil dekabrida Ulug‘nor tumani hokimligida ish boshlagandi.

Doniyor Maxsudov
Top