13:44 / 14.04.2021
9194
Surxondaryoda YouTube’dagi kanalini ommalashtirish uchun Sattoriyning sudi bilan bog‘liq yolg‘on ma'lumot tarqatgan bloger aniqlandi

Surxondaryoda YouTube’dagi kanalini ommalashtirish uchun «Surxondaryoda bloger boshiga qop kiydirilib kaltaklandi. U Sattoriy sudini yoritgan edi» mazmunida yolg‘on xabar tarqatgan blogerning ishi prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda. Mazkur ishga tez orada huquqiy baho beriladi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 10 aprel kuni Surxondaryo hududida blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi B.N. YouTube’dagi «Bekruz Nematov» nomli kanaliga videomurojaat joylashtirgan. Undan anglashilishicha, 2021 yilning 2 aprel, juma kuni kechasi soat taxminan 22:00 – 23:00larda B.N. yashash uyiga qaytayotgan vaqtda bir nechta noma'lum shaxs uning boshiga qop kiydirib, mashinaga tiqib olib ketgan. 15–20 daqiqa yurib, qumli joyda to‘xtatib mashinadan tushirgan. So‘ng stolga o‘tqazib, oyog‘iga bir necha marotaba dubinka bilan urgan va undan «Nima sababdan Otabek Sattoriyning sudiga boryapsan? Nima uchun o‘lgan odamning ishini ko‘taryapsan? Nima uchun bunday ishlar qilyapsan?» – deb so‘ragan.

2021 yilning 10 aprel kuni, mazkur videomurojaat bo‘yicha Surxondaryo viloyat IIB xodimlari B.N.ga qo‘ng‘iroq qilib, holat yuzasidan ariza bilan murojaat qilishi, uning huquqlari va qonuniy manfaatlari IIB tomonidan himoya qilinishini tushuntirgan. B.N. hech kimga nisbatan e'tirozi va da'vosi yo‘qligini, shu sababli ariza bermasligini ma'lum qilgan.
Shundan so‘ng mazkur videomurojaat yuzasidan Surxondaryo viloyat IIB TEQKB xodimlari tomonidan surishtiruvlar o‘tkazilgan va unda aniqlanishicha, B.N. yuqoridagi holatni Sh.M. hamda U.A. bilan o‘zaro kelishib, yolg‘ondan o‘ylab topgani ma'lum bo‘lgan.

Jumladan, B.N. tomonidan e'lon qilingan videomurojaat Sh.M. ismli bloger tomonidan YouTube’dagi «Shokir Musayev» nomli kanalga «Surxondaryoda blogerlarga ov boshlandi, Surxondaryoda mafiya bor, bu mafiyaning boshida kim turibdi?» sarlavhasi bilan joylashtirilgan.

Surishtiruvlarda Sh.M. Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgani, hozirgi kunda Rossiyada yashab kelayotgani aniqlangan. U Kanadada yashovchi U.A. ismli bloger bilan o‘zaro til biriktirib, B.N.ga aloqaga chiqqan va «O.Sattoriyni suddan ozodlikka tezroq chiqarish uchun bir ish qilamiz. Shu bahonada ijtimoiy tarmoqlarda kuzatuvchilaringiz ko‘payib ketadi, internetda tezroq tanilasiz!» deb sms xabari yuborgan. So‘ng yolg‘on videomurojaatni qanday tarzda chiqarishini o‘rgatgan.

Barchasi oshkor bo‘lgach, B.N. yuqoridagi holat yuzasidan 2021 yil 12 aprel kuni o‘zining YouTube’dagi «Bekruz Nematov» nomli kanalida holat yuzasidan takroriy videomurojaat e'lon qilgan. Unda yuqoridagi holat aslida bo‘lmaganini, Sh.M. va U.A.ning ta'sirida videomurojaat chiqarganini ma'lum qilgan. Shuningdek, o‘zining xatti-harakatlaridan pushaymonligini bildirgan.

Qayd etilishicha, B.N.ning videomurojaati yuzasidan tayinlangan sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, uning tanasida tashqi ko‘rinishidan biron bir qontalash, yara va shilinish kabi tan jarohat izlari aniqlanmagan.
Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Prokuratura tomonidan batafsil o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Top