17:59 / 14.04.2021
14573
Global bosimni muvozanatlashtirish uchun G‘arb davlatlari O‘zbekistonga yordam berishi kerak - Forbes

Markazi O‘zbekiston bo‘lgan Markaziy Osiyo ikki asrdan buyon ilk bor o‘zini namoyon qilmoqda. «Buyuk ipak yo‘li» yoqasidagi mamlakatlarda tashqi kuchlar ta'siri ostiga tushmasdan o‘z taqdirini qurish uchun chin imkoniyat vujudga kelmoqda, deb yozadi Forbes’da Melik Kaylan.

Muallifga ko‘ra, agar mintaqaviy va global kuchlar birlashmasa, bu imkoniyat kattalashmaydi va depsinib turaveradi.

«Nega biz G‘arbdagilarning bu bilan ishi bo‘lishi kerak? Avvalo, O‘zbekiston qo‘shni Afg‘onistonga katta ta'sir o‘tkazishi mumkinligidan. Biz amin bo‘ldikki, Afg‘onistondagi beqarorlik tezgina bizning o‘z kelajagimizga tahdidga aylana oladi. Tahdid soluvchi radikal kuchlarni tiyish uchun sarflangan so‘nggi yigirma yilni yo‘qotilgan yillar deb hisoblash mumkin, chunki bu davr ichida global raqiblar yanada kuch to‘plab, kengayib, jiddiy xavf tug‘dira boshlashdi — Yevropada Rossiya, Tinch okeanida Xitoy. Afg‘onistonni yana istalgan daqiqada qurollantirish mumkin.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda ilg‘orlik qilayotgan istalgan barqudrat davlat neft va gazdan tortib, tilla va urangacha bo‘lgan xomashyolarning arzon va hattoki eksklyuziv xaridoriga aylana oladi. Mintaqa xuddi possovet davrida bo‘lganidek, Eron va Pokiston o‘rtasida bloklanishi mumkin.

Hozirning o‘zidayoq Xitoy har ikki davlat uchun yetakchi savdo hamkori bo‘lishga tayyor. Xitoyning yaqinda OAVda ko‘plab munozaralarni keltirib chiqargan, Eron bilan 400 milliard dollarlik yirik bitimi Pekinga barqaror arzon neft xarid qilish imkonini bermoqda, Eronga esa G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishni.

Rossiyaga to‘xtaladigan bo‘lsak, uning mavjudligi shu qadar bilinarliki, tafsilotlarga to‘xtalishga ehtiyoj ham yo‘q, qisqa va chuqur tarix ham Moskvaning mintaqa uzra ko‘lanka tashlab turishidan hikoya qiladi», deb yozadi muallif.

Melik Kaylanga ko‘ra, mana shunday g‘ira-shira manzarada kelajakka yagona umid nuri O‘zbekistondan chiqmoqda.

«25 yillik metin boshqaruvdan so‘ng mamlakat ochildi va hayratlanarli tezlikda gullay boshladi. Hokimiyat tepasiga yangi prezident Shavkat Mirziyoyev kelgach, so‘nggi to‘rt yilda sodir bo‘lgan o‘zgarishlar shunchaki ajoyib. Mart oyida O‘zbekistonga borganimdan so‘ng Shimoliy Koreya stilidagi sobiq rejim va yangisi o‘rtasidagi farq haqida ikki kolonka material yozdim, chunki buning isbotiga har qadamda duch kelish mumkin edi. Bu ma'lum bir darajada Osiyo davlati bo‘lib, qit'adagi Singapur, Malayziya, Hindiston kabi davlatlarning muvaffaqiyatli iqtisodiy modellariga rioya qilmoqda, lekin qat'iy ekologik va tarixiy mezonlar asosida. O‘zbekistondagi barcha yirik shaharlardagi shohko‘chalar va unga yondosh binolar juda top-toza va ta'mirlangan. Tarixiy joylar ham shunaqa — Mamlakat Venetsiyadagidek unday joylarga to‘la. Samarqand va Buxoro kabi afsonaviy shahar markazlari keng miqyosdagi qurilishlarni shahar chetlarida boshlashgan, tarixiy markaz va atrof-muhitga ziyon yetkazmaslik uchun».

O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyev o‘zining dastlabki ikki yilini qo‘shnilar bilan chegaralarni ta'mirlashga juda donolik bilan sarflagani e'tirof etilgan.

«U «Ipak yo‘li» mamlakatlarini birlashtirib, o‘ziga xos savdo bloki tuzish niyatida edi. Uning fikricha, bir mamlakatdan ko‘ra butun bir blokni muvozanatdan chiqarish qiyin. Bir vaqtning o‘zida u mamlakatga turli joylardan investitsiyalar kiritilishini rag‘batlantirdi, jumladan, Yevropa va AQShdan ham, global fondlar mamlakatning mustahkam poydevor qo‘yilishidan, uning xavfsizligini ta'minlashdan manfaatdor bo‘lishi uchun.

Biz O‘zbekistonda kuzatayotganimiz — jo‘g‘rofiy joylashuv taqdir ekanini anglatuvchi qoidani buzishga harakat qilayotgan mamlakat misolidir. U erkinlik va mustaqillikka gigant gegemon kuchlarning soyasi ostida intilmoqda.

G‘arb bunday muvaffaqiyatni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Chunki sovuq urush davridan buyon bunday ittifoqchilarni qo‘llab-quvvatlashni eplay olmay kelmoqdamiz. Har bir muvaffaqiyatsizlik yanada katta qo‘rqitishga sabab bo‘ladi», deya o‘z fikrlarini yakunlagan muallif.

Top