11:42 / 14.04.2021
531
Kun.uz’da e'lon qilingan murojaatdan so‘ng mahallaga shag‘al yotqizildi
Foto: O‘zbekiston tumani hokimligi axborot xizmati

O‘zbekiston tumanidagi "Kichik Tagob" MFY aholisining tahririyatimizga yo‘llagan murojaati kanalimizda e'lon qilingach tuman hokimi holatni o‘z nazoratiga oldi. Mahallaga shag‘al yotqizish ishlari boshlangan. 

Joriy yilning 12 aprel kuni Farg‘ona|Kun.uz telegram kanalida O‘zbekiston tumani, “Kichik tagob” MFY, Ibrat ko‘chasidagi aholining murojaati (https://t.me/kunuzFargona/3444) e'lon qilingan edi.

O‘zbekiston tumani hokimligi axborot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, mazkur murojaat e'lon qilingan kuniyoq O‘zbekiston tumani hokimi Sherzodjon Yuldoshev topshirig‘iga asosan tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzodjon Ismoilov rahbarligidagi ishchi guruh mahallaga borib, mavjud holatni batafsil o‘rgangan va murojaat ijrosini ijobiy hal etish choralari belgilangan.

Ma'lum bo‘lishicha, Ibrat ko‘chasi haqiqatan ham, "Kichik Tagob" MFYda joylashgan bo‘lib, mahalla “Obod qishloq” dasturiga kiritilmagan. 

Mahallada "Kichik Tagob" va "Katta Tagob" MFYlari hududi aholisini toza ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash borasida Dastur asosida 3,2 mlrd so‘mlik obektni qurish ishlari olib borilgan. Belgilangan loyihaga ko‘ra, 5 kilometrlik ichimlik suvi tarmog‘ini qurish ishlari, aholi murojaatlari va iltimosiga ko‘ra yana 1 kilometrga uzaytirilgan. Bu borada davlat tomonidan belgilangan ishlarni amalga oshirish davomida har ikki qishloq ahli o‘z tashabbuslari va ixtiyorlari bilan ichki ko‘chalari va o‘z xonadonlariga ichimlik suvi quvurini olib kirib ketish uchun qo‘shimcha yana 7 kilometr tarmoq yotqizish ishlari bajarilgan. 

Hozirda murojaatga asosan, tuman hokimligi tomonidan chora-tadbirlar natijasida salkam 1 km. masofadagi Ibrat ko‘chasiga bugunning o‘zida shag‘al to‘kish va yotqizish ishlari boshlanganligi ma'lum qilingan.

Top