17:00 / 14.04.2021
4195
“O‘zbekneftgaz”: Yangi tabiiy gaz konlarini ochish va konlarning geologik tuzilishini o‘rganish uchun 3D seysmik qidiruv ishlari o‘tkazilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 18 noyabrdagi “Neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4522 sonli qaroriga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan geologiya-qidiruv ishlarini o‘tkazish bo‘yicha “Uglevodorod xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash” Dasturi ishlab chiqildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevning tashabbusi bilan bu boradagi ishlarni samarali davom ettirish maqsadida, “O‘zbekgeofizika” AJ bilan aloqalar yangi bosqichga olib chiqildi.

Jumladan, “O‘zbekneftgaz” AJ geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish dasturlari doirasida “Uchqir” va “Sho‘rtan” seysmoloyihalarida dala seysmik qidiruv ishlari o‘tkazish bo‘yicha ham ishlar yo‘lga qo‘yildi.

“Uchqir seysmoloyihasi” doirasida 2018–2023 yillarda “Gazli” va “Uchqir” konlari ustida 3D seysmik qidiruv ishlari olib borilishi rejalashtirilgan bo‘lib, umumiy hajmi 3675 kv kmni tashkil etadi.

2018–2020 yillarda 1816,5 kv km hajmda ish bajarilgan. 2021 yilda dastur doirasida 750 kv km hajmda 35,5 mlrd so‘mlik seysmik qidiruv ishlarini olib borish rejalashtirilgan. I chorak yakuni bo‘yicha amalda 185 kv km 7,1 mlrd so‘mlik bajarildi. Loyiha bo‘yicha yana 565 kv km hajmdagi ishlar bajarilishi kutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12–13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida tabiiy gazni chuqur qayta ishlovchi yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratilayotgani e'tirof etilib, tabiiy gaz xomashyosiga talab oshib borayotgani sababli uglevodorod xomashyo zaxiralarini yanada ko‘paytirish muhimligi to‘g‘risida topshiriqlar berilgan edi.

Bugungi kunda, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarini va ijtimoiy soha obektlarini energiya resurslari bilan ta'minlash maqsadida, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash zavodlarini (“Uzbekneftegaz GTL”) qurish ishlari jadal sur'atlarda olib borilmoqda.

Joriy yilning 25 fevral kuni Muborak shahrida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi boshchiligida gazni qayta ishlash va gazdan sintetik yoqilg‘i ajratib olishga mo‘ljallangan “GTL” zavodini tabiiy gaz xomashyo resurslari bilan doimiy ta'minlash maqsadida yig‘ilish o‘tkazilgan edi. Ushbu yig‘ilishda belgilab berilgan topshiriqlarga asosan, “Sho‘rtan” gaz kondensat konlari guruhidan gaz kondensat xomashyosini qazib olish hajmlarini ushlab turish hamda konlarda geologik qidiruv ishlarini keyingi bosqichga o‘tkazish orqali, o‘rganilmagan chuqur neft va gazga istiqbolli bo‘lgan yura davrining terrigen va yuqori paleozoy qatlamlarini o‘rganish maqsadida, “Sho‘rtan” gaz kondensat konlari guruhi hududida MOGT-3D usulida seysmik qidiruv ishlarini olib borish maqsadga muvofiq deb hisoblanib, maydonda seysmik ishlarni boshlash aprel oyining 1-dekadasida rejalashtirilgan edi.

Xususan, “O‘zbekgeofizika” AJ bilan hamkorlikda “Sho‘rtan” koni va kon oldi atrofida 3D seysmik qidiruv ishlarini o‘tkazish kelishib olindi.

Bu o‘z navbatida mazkur konlarning geologik tuzilishini yanada batafsil o‘rganish va oldin o‘rganilmagan quyi yura terrigen yotqiziqlarida gaz uyumlarini aniqlash imkonini beradi.

Bugungi kunda maydonda seysmik qidiruv ishlar boshlandi va yil oxiriga qadar, “Sho‘rtan” koni hududi bo‘ylab seysmik qidiruv ishlari nihoyasiga yetkaziladi. Kon bo‘yicha o‘tkazilgan to‘liq geofizik ishlar natijasiga ko‘ra, geologiya-qidiruv ishlariga baho beriladi.

“Sho‘rtan seysmoloyihasi” doirasida 2021–2023 yillarda “Sho‘rtan” koni va kon guruhidagi konlar ustida 3D seysmik qidiruv ishlari olib borilishi rejalashtirilgan bo‘lib, loyihaning umumiy hajmi 1999 kv kmni va 167 mlrd so‘mni tashkil etadi. Dasturga ko‘ra, 2021 yilda 620 kv km hajmda 44,5 mlrd so‘mlik seysmik qidiruv ishlarini olib borish rejalashtirilgan.

“Buxoro NQIZ” MChJ Matbuot xizmati

Top