19:47 / 14.04.2021
2703
Putin koronavirusga qarshi vaksinaning ikkinchi komponenti bilan emlandi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 14 aprelda unga koronavirusga qarshi vaksinaning ikkinchi komponenti kiritilganini ma'lum qildi.   

Foto: TASS/Aleksey Drujinin

“Umid qilamanki, hammasi yaxshi bo‘ladi. Aniqrog‘i umid qilmayman, bunga ishonaman. Sizga ham shuni tilayman. Siz ham o‘zingiz va yaqinlaringiz haqida qayg‘urib, mendan o‘rnak olib, virusga qarshi emlanasiz”, deb aytgan Putin.

Rossiya prezidenti koronavirus pandemiyasi tez orada ortga chekinishiga umid bildirdi.

Putin vaksinaning birinchi komponenti bilan 23 mart kun emlangandi. Keyinroq u vaksina chap qo‘liga kiritilganini, ukol joyida bir necha soatdan keyin biroz noqulaylik his qilganini ma'lum qilgandi. Rossiya rahbarida emlanganidan keyin boshqa ikkilamchi ta'sirlar kuzatilmagan.

Ta'kidlash joiz, o‘shanda Putin aynan qaysi vaksina bilan emlanganiga aniqlik kiritmagan, biroq u Rossiyada ishlab chiqarilgan vositalardan biridan foydalanganini aytgan. 

Rossiyada koronavirusga qarshi ommaviy emlash 18 yanvardan boshlangan. Barcha istovchilarga bepul emlanish taklif qilinmoqda.

Rossiyada ayni vaqtda koronavirusga qarshi uchta vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bular: Gamaleya nomidagi markaz ishlab chiqqan “Sputnik V”, “Vektor” markazining “EpiVakKorona” va Chumakov nomidagi markazning “KoviVak” vaksinalari.

Top