01:08 / 14.04.2021
5128
Qarshidagi tegishli hujjatlarsiz o‘rnatilgan kran demontaj qilindi

Joriy yilning 9 aprel sanasida Kun.uz saytida “Qarshida hujjatsiz, ruxsatsiz o‘rnatilgan kran: ko‘p qavatli uy aholisi o‘z turar joyidan xavotirda” sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Unda Qarshi shahridagi Oqtepa mahallasi aholisi ko‘p qavatli turar joyning himoya hududi e'tiborga olinmasdan o‘rnatilgan qurilish krani ustidan shikoyat qilgan.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Qarshi shahridagi Oqtepa mahallasi hududidagi ko‘p-qavatli aholi turar joyi yonida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmasdan oldin o‘rnatilgan minora krani bo‘yicha qo‘mitaning Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi xodimlari qurilish maydoni belgilangan joyga borib hududda istiqomat qiluvchi yashovchi aholi vakili, qurilish tashkiloti “Buyuk karvon invest trans” MChJ rahbari N.Movlonov, pudratchi tashkilot vakili va Qashqadaryo viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi vakili ishtirokida minora krani holati o‘rganib chiqildi hamda quyidagilar aniqlandi:

1. Minora krani “Pahlavon” MChJga qarashli ekanligi va ushbu kran ijara shartnomasi asosida keltirilganligi;

2. Qurilish maydonchasida yuk ko‘tarish kraniga taalluqli hech qanday hujjatlar va kran bilan ishlarni olib borish rejasi (PPR) mavjud emasligi;

3. Qurilish me'yorlari va qoidalari 3.01.02-00, “Qurilishda xavfsizlik texnikasi” (2007 y) talablari (2.5; 2.11 band, 7-bo‘lim; 7-ilovaning 16 bandi) bajarilmaganligi aniqlandi.

Aniqlangan holat yuzasidan quruvchi tashkilot (buyurtmachi) va yuk ko‘tarish krani (pudratchi) egalaridan:

- Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining 2019 yil 20 iyunda 20/YuB-26-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Yuk kutarish kranlarining tuzilishi va ularni xavfsiz ishlatish koidalari” talablari;

- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Sanoat xavfsizligini ekspertizadan o‘tkazish va ekspertiza xulosasini berish tartibi to‘g‘risida”gi 784-sonli nizomiga asosan, o‘z ish muddatini o‘tab bo‘lgan texnik qurilma yaroqliligi bo‘yicha ekspert tashkilotlardan xulosasi mavjudligi;

- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 iyundagi №360-Qarori (5-ilova, 10.6 band) talablari bajarilganligi to‘g‘risida ma'lumot va hujjatlar talab etildi. Lekin shu kunga qadar hech qanday hujjatlar taqdim qilinmadi.

Joriy yilning 12 aprel kuni Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Qashqadaryo hududiy boshqarmasi boshlig‘i I.Mamatov va davlat inspektori

S. Baratov buyurtmachi tashkilot - “Buyuk karvon invest trans” MChJ rahbari N.Mavlonov va pudratchi tashkilot – “Pahlavon” MChJ rahbari J.Achilovlar bilan uchrashib holat yuzasidan qayta o‘rganish o‘tkazildi va Kranni montaj qilish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha talab etiladigan hujjatlar (o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazish, ekspert tashkiloti tomonidan kranni yaroqlilik to‘g‘risida xulosa olish, maxsus ruxsatnomalar, kran bilan ishlarni olib borish rejasi (PPR) va xakoza) shakllantirilmaganligi aniqlandi.

Shu sababli minora krani demontaj qilindi, hamda uni montaj va bexatar ekspluatatsiya qilishda qo‘yiladigan talablar to‘liq bajarilmagunga qadar qurilish-montaj ishlari to‘xtatib qo‘yildi.

Top