14:08 / 14.04.2021
2840

Samarqandda fuqaroni TikTok’da sharmanda qilish bilan qo‘rqitib tovlamachilik qilganlar ushlandi

Samarqand shahrida ikki nafar shaxs boshqa bir fuqaroga tayziq o‘tkazib, holatni videotasvirga olgan. So‘ng videoni TikTok’da tarqatmaslik uchun jabrlanuvchidan 5 million so‘m so‘rashgan. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 8 aprel kuni 25 yoshli M. Maqsud Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMBga ariza bilan murojaat qilgan. Murojaatda 5 aprel kuni 26 yoshli U. Muhiddin uni aldov yo‘li bilan Samarqand tumani Bo‘zi mahallasi hududidagi qarovsiz joyga olib borib, u yerda o‘ziga tazyiq o‘tkazganini ma'lum qilgan.

Bundan tashqari, U.Muhiddin narxi 2,2 million so‘mlik Samsung S-20A, 1,5 million so‘mlik Samsung telefon apparatlarini hamda 200 AQSh dollari va 112 ming so‘m pulni talonchilik bilan olgan. Ushbu holatni 25 yoshli B. Sherzod videotasvirga olib, uni TikTok’da tarqatib, sharmanda qilish bilan qo‘rqitgan.

So‘ng ikki dona telefon apparatini qaytarib olishi uchun 5 million so‘m pul berishini talab qilishgan.

8 aprel kuni Samarqand shahri Kaftarxona mahallasi hududida U. Muhiddin va B. Sherzod M. Maqsuddan tovlamachilik yo‘li bilan 400 AQSh dollarini olayotgan vaqtda huquqni himoya qilish organlari xodimlari tomonidan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan U.Muhiddin va B.Sherzodga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qayd etilishicha, tergov harakatlari jarayonida aniqlanishicha, jabrlanuvchi M.Maqsud U.Muhiddin ofitsiant bo‘lib ishlagan restoranda ovqatlanib, 1 million so‘mni to‘lamasdan ketib qolgan. Shu sababli ishdan bo‘shatilgan U.Muhiddin qasd olish maqsadida ushbu jinoyatni sodir etgani aniqlangan. Hozirda tergov davom etmoqda.

Top