17:57 / 14.04.2021
1679

Samarqandda «ishni yopish» uchun profilaktika inspektoriga pora berayotgan mast haydovchiga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Foto: IIB axborot xizmati

Samarqand viloyati Urgut tumanida mast haydovchi «ishni yopib yuborish» evaziga profilaktika inspektoriga pora berayotganida ushlandi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 9 aprel kuni Urgut tumani bo‘yicha IIO FMB profilaktika inspektoriga, tumanning Ishchan mahallasida yashovchi shaxsning yashash uyiga kuyovi E.X. o‘ziga tegishli bo‘lgan «Damas» mashinasini mast holda boshqarib kelib, qaynotasining tinchligini buzayotganligi to‘g‘risidagi xabar kelib tushgan.

Xabarga asosan hodisa joyiga borgan profilaktika inspektori E.X.ning holatini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasiga olib borib, mastlik darajasi aniqlangan. Shundan so‘ng, X.E. holatni rasmiylashtirmaslik va to‘plangan hujjatlarni YHXBga yubormaslik evaziga profilaktika inspektoriga 300 AQSh dollarini pora tariqasida taklif qilgan.

Xodim fuqaroga qilayotgan xatti-harakati qonunga xilofligi, pora berish jinoyat ekanligini tushuntirib, yashash uyiga ketishi uchun ruxsat bergan.

Qayd etilishicha, 10 aprel kuni E.X. profilaktika inspektorining oldiga takroran kelib, masalani hal qilish evaziga 300 dollarni yana pora tariqasida taklif qilgan.

Shu kuni IIV O‘XB Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi hamda tegishli organ xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, E.X. profilaktika inspektoriga 300 dollarni pora tariqasida bergan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan jinoyat kodeksining 211-moddasi (Pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top