20:01 / 14.04.2021
7310
Shavkat Mirziyoyev YeXHT raisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) amaldagi raisi, Shvetsiya Qirolligi tashqi ishlar vaziri Ann Linde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda mamlakatimizning YeXHT bilan konstruktiv sherikligini rivojlantirish, O‘zbekiston bilan Shvetsiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari YeXHT bilan samarali muloqotning bugungi darajasini mamnuniyat bilan qayd etdi hamda Shvetsiyaning tashkilotga raisligining ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatladi.

Keyingi yillarda, shu jumladan ushbu nufuzli mintaqaviy tashkilotning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori ofisining izchil sa'y-harakatlari tufayli o‘zaro muloqot va almashinuvlar jadallashgani ta'kidlandi.

Suhbatda O‘zbekiston Prezidenti YeXHT bilan ko‘p qirrali sheriklikni, avvalo, mamlakatimizda muhim ichki siyosiy tadbirlarni o‘tkazishga tayyorgarlik doirasida kengaytirishning asosiy yo‘nalishlariga alohida to‘xtaldi.

O‘zbekiston tashkilotning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi va Parlament assambleyasi bilan sermahsul muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Yaqin orada bir qator qo‘shma tadbirlarni tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston prezidenti Shvetsiya bilan ikki tomonlama munosabatlarning istiqbollari haqida so‘z yuritar ekan, ta'lim sohasida hamkorlik qilish, Shvetsiya yetakchi kompaniyalarining innovatsiyalari va investitsiyalarini mamlakatimizga jalb etish, savdo va kooperatsiya aloqalarini kengaytirishni muhim yo‘nalishlar sifatida qayd etdi.

Shvetsiyada O‘zbekistonning diplomatik missiyasini tashkil etish mamlakatlarimiz o‘rtasidagi va umuman skandinav davlatlar bilan hamkorlikning mavjud salohiyati va keng imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

YeXHTning amaldagi raisi, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri iliq qabul va ochiq suhbat uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Ann Linde O‘zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi siyosatni yuqori baholadi va qo‘llab-quvvatladi.

YeXHT doirasidagi qo‘shma tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanayotgani hamda Shvetsiya bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga yuksak e'tibor qaratilayotgani uchun minnatdorchilik bildirildi.

Top