11:18 / 14.04.2021
10222
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining rahbarlari tayinlandi

Yangi tashkil etilgan Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligiga direktor va uning o‘rinbosarlari tayinlandi.

Alisher Kazakovich Inakov Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining direktori etib tayinlandi.

Alisher Inakov / Sog‘liqni saqlash vazirligi

A. Inakov Andijon davlat tibbiyot instituti va Birinchi Moskva tibbiyot instituti (aspiranturasi)ni tamomlagan. O‘z faoliyati davomida O‘zbekiston nogironlarning mehnat qobiliyatini aniqlash va tiklash ilmiy-tekshirish instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, Nogironlarni tibbiy, ijtimoiy va kasb bo‘yicha sog‘lomlashtirish respublika markazi direktori ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi boshqarma boshlig‘i, Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiy-ijtimoiy yordam muassasalari faoliyatini tashkillashtirish va muvofiqlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 

Shuningdek, hozirgi lavozimga tayinlanishdan avval Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori v.v.b. bo‘lgan.

Bahodir Karimovich Karimov agentlik direktorining tibbiy-ijtimoiy masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Bahodir Karimov / Sog‘liqni saqlash vazirligi

B. Karimov Toshkent pediatriya tibbiyot institutini tamomlagan. U ko‘p yillar davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy muhofaza qilish yo‘nalishida faoliyat yuritgan. Jumladan, Tayanch-harakat tizimi buzilgan nogironlarni sog‘lomlashtirish respublika markazi bo‘lim mudiri, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Nogironlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish respublika inspeksiyasi bosh mutaxassisi, Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi bosh shifokorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiy-ijtimoiy yordam muassasalari faoliyatini tashkillashtirish va muvofiqlashtirish bosh boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 

Hozirgi lavozimga tayinlanishdan avval Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori o‘rinbosari v.v.b. bo‘lgan.

G‘ayrat Habibullayevich Isroilov agentlik direktorining moliyaviy-iqtisodiy va qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

G‘ayrat Isroilov / Sog‘liqni saqlash vazirligi

G‘. Isroilov Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. U faoliyati davomida Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Pensiya va nafaqa to‘lash ustidan monitoring bo‘limi bosh mutaxassisi, Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Pensiya hisoblash uslubiyotini muvofiqlashtirish va fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘limi boshlig‘i, Pensiya jamg‘armasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 

Ayni paytdagi tayinlovdan oldin esa Vazirlar Mahkamasi Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kotibiyatining Pensiya ta'minoti va kam ta'minlangan oilalar masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi sifatida faoliyat yuritgan.

  • Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2021 yil 25 martdagi «Keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, «Saxovat» va «Muruvvat» internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida»gi farmoniga asosan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi va uning hududiy bo‘linmalarini tashkil etish belgilangan edi.
  • Agentlik keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida vakolatli davlat boshqaruv organi hisoblanadi.
Top