21:24 / 14.04.2021
9144
«Xorijdan qaytgan shifokor-mutaxassislarimizga uyoqdagidan kam bo‘lmagan maosh beramiz» - bosh vazir o‘rinbosari

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev Kun.uz'ga bergan intervyusida xorijda ishlayotgan o‘zbekistonlik yuqori malakali tibbiyot xodimlarini vatanga qaytishga chaqirdi.

«Ular uchun yaxshi lavozim, uy-joy masalasini ham hal qilib beramiz. Eng asosiysi, o‘sha yerda qancha oylik olib ishlab kelayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonga kelib xizmat qilishni istagan mutaxassislar uchun uyoqdagidan kam bo‘lmagan oylikni beramiz.

Menga shunday topshiriq bo‘lgan va ularni qaysi tuman, qaysi klinikaga joylashtirish bilan Vazirlar Mahkamasida shaxsan o‘zim shug‘ullanib boraman», – dedi Musayev.

Bosh vazir o‘rinbosariga ko‘ra, xorijda ishlayotgan va vatanga qaytish istagida bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislarning murojaatlari bilan ishlash uchun Vazirlar Mahkamasida alohida xodim ishga olingan.

«Shu xodimning elektron manzili va telefonini Kun.uz saytida e'lon qilsangiz. Ular o‘z CV'sini (o‘zimizning tilda, obektivka deymiz) va o‘zi haqida erkin tarzda yozilgan qisqacha ma'lumotni yuborsa, murojaat qilgan har bir odam bilan bog‘lanamiz. Men o‘zim imkoniyat topib, bu murojaatchilarni yig‘ib, ular bilan onlayn bog‘lanib, hamma qiziqtirayotgan savollariga javob berishga, ular bilan tanishishga tayyorman», – ta'kidladi Behzod Musayev.

Ma'lum qilinishicha, xorijdagi yuqori malakali o‘zbekistonlik shifokorlar vatanga qaytish istagida bo‘lsa, muzaffarov.d@gov.uz pochtasi yoki +99871-239-31-20 telefon raqamiga murojaat qilishi mumkin.

Bosh vazir o‘rinbosari bilan suhbatning to‘liq shakli tez kunda Kun.uz'da e'lon qilinadi.

Top