21:21 / 15.04.2021
7638
Alisher Qodirov - prezident saylovi, populist siyosatchi emasligi va XDPning g‘oyalari haqida

15 aprel kuni jurnalist va blogerlar uchun Angren shahrida joylashgan shina zavodiga press-tur tashkil qilindi.

Kun.uz muxbiri press-tur davomida O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi lideri Alisher Qodirovni uchratdi va siyosatchi bilan qisqa intervyu uyushtirdi.

Intervyu yaqinlashayotgan prezidentlik saylovlari va Qodirovga tez-tez yopishtiriladigan «populist siyosatchi» tamg‘asi mavzularida bordi.

Alisher Qodirov prezidentlik saylovlarda partiyaning ishtiroki haqida

Birinchidan, partiya saylovlarda haqiqatan ham ishtirok etadi. «Milliy tiklanish»ning o‘z qarashlari bor.

Bu prezidentlik saylovlarida partiya o‘zining muhim takliflarini kiritmoqchi.

Albatta, biz oxirgi yillardagi keskin o‘zgarishlarni e'tirof etgan holda, O‘zbekistonning yanada barqaror va tezkor rivojlanishi uchun o‘z takliflarimizni bildiramiz.

 Prezidentlikka partiyadan ko‘rsatiladigan nomzod haqida

 Partiyaning Qurultoyi saylovdan oldin nomzod masalasida ham to‘xtalib o‘tadi va bir qarorga keladi.

Saylovdagi o‘z qarashlarimizni olib chiqish uchun bugungi kunda ishchi guruhimiz ishlayapti.

 O‘ziga nisbatan populist siyosatchi «tamg‘asi» tez-tez yopishtirilishi haqida

O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi lideri Alisher Qodirov

Populist siyosatchilar ko‘p hollarda xalqning erkatoyi bo‘ladi. Ular doimo odamlarga yoqayotgan masalalar haqida gapirishadi.

Meni kuzatsangiz, monitoring qilsangiz, odamlar ko‘p hollarda fikrlarimga ijobiy baholarni aytishmaydi. Chunki partiyamiz shiori – insonni o‘zgartirish orqali jamiyatni o‘zgartirish. Bugun jamiyatda o‘zgartirish kerak bo‘lgan juda ko‘p holatlar bor. Ularning eng asosiysi dunyoqarashimiz o‘zgarishi kerak.

Bizning dunyoqarashni o‘zgartirish bo‘yicha qilayotgan takliflarimizning ko‘pi dunyoqarashini o‘zgartirishi kerak bo‘lgan qatlamga yoqmaydi. Bugun biz aynan shu nuqtayi nazardan tanqidlarga uchrayapmiz.

Tanqid qilayotgan, fikrlarimizni to‘g‘ri deb hisoblamayotgan va biz bilan tortishayotgan tomonlarning barchasiga minnatdorchilik bildiramiz.

Men O‘zbekiston jamiyatida yoqimtoy siyosatchi emasman. Shuning uchun, populist siyosatchi, degan baho menga emas.

Xalq demokratik partiyasi raisi Ulug‘bek Inoyatov Alisher Qodirovni «populist siyosatchi» deb atagani haqida

Bu – XDP partiyasi raisining shaxsiy fikri. Men xursand bo‘lardimki, butun O‘zbekistonning yoqimtoy siyosatchisi bo‘lsam. Va men ham har doim xalqqa yoqadigan masalalarni gapirib yursam.

Agar biz populist siyosatchilikka da'vogar desak, avvalo, Xalq demokratik partiyasi raisining o‘zini shunday atashimiz kerak. Nega? Chunki bu partiyaning o‘zi hamma narsani davlat hisobiga bo‘lishini xohlaydi. Kerak bo‘lsa, kommunal to‘lovlarni ham davlat to‘lab bersa. Tekinga uylarni to‘g‘rilab berishsa. Sotsial demokratiyaning fundamental g‘oyalariga o‘xshab, hamma narsani davlat qilib bersa.

Bu partiya ilgari surayotgan g‘oyalar aynan shulardan iborat. Agar ular o‘z g‘oyalarini shu shaklda xalqqa yetkazib bersa, o‘ylaymanki, ular xalqimizning eng yoqimtoyi, populist siyosatchisiga aylanishadi.

Biz bunga qarshimiz. Inson bugungi dunyo talablari asosida rivojlanishi kerak. Jamiyatimiz ham siyosiy tafakkur nuqtayi nazaridan tubdan o‘zgarishi kerak. Balki shuning uchun odamlarga yoqmayotgandirmiz.

Ma'lumot uchun yaqin kunlarda Kun.uz sayti siyosatchi Alisher Qodirov bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda intervyu uyushtirishni rejalashtirgan.

Ilyos Safarov tayyorladi.

Top