15:47 / 15.04.2021
3014

BMT: Pandemiya paytida giyohvand moddalarga talab ortdi

Bugungi kunda dunyoda giyohvand moddalarni iste'mol qiluvchilar soni 269 million kishiga yetgan. BMT vakillari barcha davlatlardan giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashga sarflanadigan xarajatlarni kamaytirmaslikka chaqirmoqda.

Qabul qilinayotgan choralarga qaramay, bugungi kunda dunyoda giyohvand moddalarni iste'mol qiluvchilar soni 269 million kishiga yetgan. Ularning o‘n millioni giyohvandga aylanib qolgan odamlardir. Pandemiya paytida ushbu odamlarning aksariyati zarur ta'minotdan mahrum bo‘lishi natijasida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanadiganlar o‘z mahsulotlarini sotish uchun ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanishga bo‘lgan harakatlari kuchaygan. Bu haqda BMT Giyohvand moddalar bo‘yicha komissiyasining 64-sessiyasida ma'lum qilindi.

BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Gada Fathi Valining ta'kidlashicha, giyohvandlik muammosini hal qilish mumkin. Buning uchun giyohvand moddalarni iste'mol qiluvchilarni jinoyatchi emas, balki jabrlanuvchi sifatida davolash va giyohvand moddalarga bo‘lgan talab va taklifni kamaytirish bo‘yicha samarali siyosat ishlab chiqilishi kerak.

Ushbu strategiyalardan biri umidsizlikka uchragan odamlarni, ayniqsa yoshlarni, giyohvand moddalardan taskin izlashga majbur qiladigan qashshoqlik va ishsizlikka qarshi kurashish kerak.

«Vaziyatni Sovid-19 pandemiyasi og‘irlashtirmoqda. Inqiroz natijasida qashshoqlik va ishsizlikning o‘sishi ayrim toifadagi odamlarning ko‘proq zaifligiga olib keldi», - dedi Gada Fathi Vali.

U inqirozga qaramay, barcha davlatlarni giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashga sarflanadigan xarajatlarni kamaytirmaslikka chaqirdi va 2008 yildagi moliyaviy inqirozdan keyin bunday pasayish giyohvandlikning ko‘payishiga olib kelganini eslatib o‘tdi.

Xalqaro giyohvand moddalarni nazorat qilish kengashi prezidenti Kornelis de Yonxerning aytishicha, butun dunyoda giyohvand moddalarga bo‘lgan talab yildan yilga ortib bormoqda. Shu bilan birga, giyohvand moddalarning qora bozori, ayniqsa pandemiya paytida, ijtimoiy tarmoqlar orqali yanada kengaymoqda va talab ortmoqda.

Narkotik moddalar bo‘yicha komissiya 1946 yilda tashkil etilgan. Uning tarkibiga BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi (ECOSOC) tomonidan to‘rt yil muddatga saylangan 53 davlat vakillari kiradi. Komissiyaning asosiy vazifasi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni nazorat qilish bo‘yicha xalqaro shartnomalarning qo‘llanilishini nazorat qilishdir.

Top