17:06 / 15.04.2021
12021

Chempionlar orasidagi debyutant. OKMK OChL rekordchisi, tarkibiga Jovinko sig‘magan «Al Hilol»ga qarshi

14 aprel kuni klublar o‘rtasidagi qit'aning eng nufuzli turniri – Osiyo Chempionlar ligasi «G‘arb» mintaqasida guruh bosqich o‘yinlariga start berildi. «V» guruhi 1-turida O‘zbekiston chempioni «Paxtakor» Eronning «Traktor» jamoasi bilan durang (3:3) qayd etgan bo‘lsa, bugun, 15 aprel oqshomida mamlakatimiz sharafini ilk bor OChL guruh bosqichida himoya qiladigan OKMK klubi turnirning final bosqichidagi debyutini o‘tkazadi.

Chempionlar yig‘ilgan guruhdan joy olgan debyutant

OChL saralash pley-off bahsida Qatardan g‘alaba bilan qaytib, o‘z tarixida ilk marta guruh bosqichiga yo‘llanma olgan Olmaliq klubi joy olgan «A» guruhining «o‘lim guruhi» deya ta'riflanayotgani bejizga emas. Mirjalol Qosimov jamoasidan tashqari birinchi guruhdan joy olgan barcha raqiblar o‘z mamlakatining birinchi raqamli klublari bo‘lib turibdi. 1-turdagi raqib «Al Hilol» nafaqat Saudiya Arabistonining mutlaq bayroqdori, balki Osiyo Chempionlar ligasida ham uch karra g‘olib bo‘lgan qit'aning eng kuchli klublaridan biri sanaladi. Uch nafar o‘zbekistonlik futbolchi to‘p surayotgan «Shabob Al Ahli» esa BAAning amaldagi chempioni sanalsa, «Istiqlol» qo‘shni Tojikistonning amaldagi va ko‘p karra chempioni hisoblanadi. Shu bilan birga Dushanbe klubi ham OChL guruh bosqichi debyutanti sanaladi.

«Konchilar» 15 kun ichida guruhda 6ta uchrashuvni o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. «A» guruhi o‘yinlari Saudiya poytaxti Ar-Riyoddagi ikki stadion - «Qirol Fahd» va «Shahzoda Faysal ibn Fahd» o‘yingohlarida o‘tkaziladi.

OKMKning «A» guruhi o‘yinlari va TV-translatsiya:

Mirjalol Qosimov Saudiyaga qanday tarkibni olib borgan?

Superliga joriy mavsumi 5-turidan keyin 4 o‘yinda maydonga tushib, 7 ochko jamg‘argan holda 6-o‘rinni egallab turgan Mirjalol Qosimov Saudiya Arabistonidagi guruh bosqich o‘yinlariga 23 futbolchidan iborat tarkibni olib borgan:

OKMKning OChL uchun tarkibi:

Darvozabonlar: 1.Botirali Ergashev, 32.Suhrob Sultonov, 35.Valijon Rahimov.

Himoyachilar: 2.Akrom Komilov, 7.Sardor Rahmonov, 8.Bobur Yo‘ldoshev, 15.Abbos Otaxonov, 19.Sheroz Jalolov, 20.Mirg‘iyos Sulaymonov, 29.Vladimir Kozak, 77.Dilshod Ahmadaliyev.

Yarimhimoyachilar: 4.Mirjamol Qosimov, 5.Dilshod Jo‘rayev, 10.Husniddin G‘ofurov, 11.Murod Toshmatov, 17.Sanjar Tursunov, 22.Sanjar Shoahmedov, 23.Yovan Jokich, 28.Shoxruh Gadoyev, 94.Elvin Fortes.

Hujumchilar: 9.Zafar Polvonov, 18.Aleksandr Kasyan, 21.Sanjar Jumaboyev.

OKMK OChL rekordchisiga qarshi. Jovinkoga joy topilmagan «Al Hilol» haqida

OKMKning Chempionlar ligasidagi debyuti ushbu turnirning mutlaq rekodchisi – 19-marta OChL ishtirokchisi, musobaqaning eng ko‘p karra – 3 bor g‘olibligini qo‘lga kiritgan ikki jamoadan biri «Al Hilol» bilan bahsga to‘g‘ri keldi.

Ehtimol, bu raqibni turnirning eng kuchli klubi desak ham mubolag‘a bo‘lmas. Har holda Ar-Riyod shahri sharafini himoya qiluvchi ushbu jamoa tarkibning nomdorligi jihatdan ham eng kuchlilardan biri. Tarkibdagi raqobat shu darajadaki, «Al Hilol» klubi Osiyo Chempionlar ligasida legionerlarga o‘rnatilgan cheklov sababli italiyalik Sebastyan Jovinko, kolumbiyalik Kuellar Gustavo va Gretsiya fuqaroligiga ega Kurdi Amirini «zayavka»ga kirita olmadi. Braziliyalik bosh murabbiy Rojyerio Mikale legionerlar limitini – fransiyalik forvard Bafetimi Gomis, perulik Andre Karrilo, argentinalik Lusiano Vetto va koreyalik Jan Hyon-Su to‘ldirgan. Tarkibning asosini esa Saudiya Arabistoni milliy jamoasi a'zolari tashkil etishadi.

«Al Hilol»ning OChL uchun tarkibi:

Darvozabonlar: 1.Abdulloh Al-Muayuf, 31. Habib Al-Vatan, 33. Abdulloh Al-Jadani, 60. Ahmad Al-Bubay

Himoyachilar: 2. Muhammad Al-Burayk, 5. Ali Al-Bulayhi, 20. Jan Xyon-Su (Janubiy Koreya), 22. Amir Kurdi, 23. M. Al-Olayon, 32. Muteb Al-Mufarrij, 39. Navaf Al-Mefrij, 66. Muhammad Al-Haybari, 70. Muhammad Jahfali

Yarimhimoyachilar: 8.Abdulloh Otayf, 19. Andre Karilo (Peru), 12. Yosir Ash-Shahroni, 16. Nosir Ad-Dovsari, 26. Favaz At-Taris, 27. Hattan Bahabriy, 28. Muhammad Kanno, 29. Salim Ad-Dovsari, 44. Saad An-Nossir, 49. Abdulloh Radif, 55. Hamad Al-Abdan

Hujumchilar: 11. Solih Ash-Shehri, 14. Abdulloh Al-Hamdan, 18. Bafetimbi Gomis (Fransiya), 10. Lusiano Vetto (Argentina), 34. Turki Al-Mutairi, 43. Musab Al-Juvayr.

O‘yinni yaponiyalik hakamlar boshqaradi

Olmaliqliklarning OChL guruh bosqichidagi debyut o‘yinini yaponiyalik hakamlar brigadasi boshqaradi. O‘zbek futboli muxlislari uchun tanish bo‘lgan Ryuji Sato o‘yinda bosh hakamlik qiladi.

OChL. «A» guruhi, 1-tur.

15 aprel (payshanba)

«Al Hilol» - OKMK

O‘yin boshlanish vaqti: 23:59

TV-translatsiya: UzReportTV

Stadion: «Shahzoda Faysal bin Fahd»

Hakamlar: Ryuji Sato, Xiroshi Yamauchi, Jun Mixara (Yaponiya).

Usmon Ibodov tayyorladi.

Top