09:47 / 15.04.2021
12825

Markaziy bank ochiq valuta pozitsiyasini yuritish qoidalarini e'lon qildi

Markaziy bankning “Ochiq valuta pozitsiyasini yuritish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qoidalar “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi va “Valutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiq ochiq valuta pozitsiyalari limitlari, ularni hisoblash, banklar tomonidan ochiq valuta pozitsiyalari limitlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishning o‘ziga xos jihatlarini belgilaydi.

Quyidagilar ochiq valuta pozitsiyasi o‘zgarishiga ta'sir qiluvchi operatsiyalar jumlasiga kiradi:

  • chet el valutasini, shu jumladan naqd ko‘rinishidagi chet el valutasini sotib olish va sotish bo‘yicha ikki bank ish kunidan oshmagan muddatda amalga oshiriladigan operatsiyalar hamda ikki bank ish kunidan oshgan muddatda amalga oshiriladigan operatsiyalar;
  • daromadlarni chet el valutasida hisoblash va olish;
  • xarajatlarni chet el valutasida hisoblash va to‘lash;
  • hisob-kitoblarni amalga oshirish usuli va shaklidan qat'i nazar chet el valutasidagi hosilaviy (derevativ) vositalar (fyuchers, forvard, svop, opsionlar va boshqalar) bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish natijasida chet el valutasida yuzaga keluvchi talab va majburiyatlar;
  • chet el valutasida amalga oshiriladigan boshqa operatsiyalar (chet el valutasida xarid qilingan aktivlar, o‘z aksiyalarini chet el valutasida sotish hamda valuta qimmatliklari bilan bog‘liq boshqa bitimlar, ushbu bitimlar shartlariga muvofiq u yoki bu ko‘rinishda chet el valutasi ayirboshlanishi (konversiyasi) ko‘zda tutilgan bo‘lsa).

Ochiq valuta pozitsiyasi hisob-kitobi har bir chet el valutasi uchun har bir operatsiya kuni yakuni bo‘yicha hisobot sanasidagi Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan chet el valutasi kursining milliy valutadagi ekvivalentida amalga oshiriladi.

Ochiq valuta pozitsiyasini hisoblashda bankning chet el valutasidagi majburiyatlari miqdori uning chet el valutasidagi talablari miqdori bilan taqqoslanadi. Bunda, qisqa valuta pozitsiyasi “-” belgisi bilan, uzun valuta pozitsiyasi “+” belgisi bilan ko‘rsatiladi.

Ochiq valuta pozitsiyasi jami asl miqdori barcha qisqa va uzun valuta pozitsiyalari jami miqdorlarini alohida hisoblashda hamda barcha ochiq valuta pozitsiyalarini hisoblashda aniqlanadi.

Milliy valutadagi balanslashtiruvchi pozitsiya hisob-kitobi uchun jami uzun valuta pozitsiyalarining milliy valutadagi asl qiymati va jami qisqa valuta pozitsiyalarining milliy valutadagi asl qiymati o‘rtasidagi farq olinadi. Jami uzun pozitsiya yig‘indisi (shu jumladan, milliy valutadagi balanslashtiruvchi pozitsiya, agar u uzun pozitsiya bo‘lsa) va jami qisqa pozitsiya yig‘indisi (shu jumladan, milliy valutadagi balanslashtiruvchi pozitsiya, agar u qisqa pozitsiya bo‘lsa) o‘zaro teng bo‘lishi lozim.

Ochiq valuta pozitsiyasi hisob-kitobida bankning chet el valutasidagi talab va majburiyatlari miqdori “Valutalar savdosi va valuta pozitsiyalari” hamda “Ko‘zda tutilmagan holatlar” hisobvaraqlaridagi qoldiq asosida aniqlanadi. Ushbu hisobvaraqlarda valuta oldi-sotdisi va boshqa valuta qimmatliklari bilan bog‘liq operatsiyalarga oid bitimlarda, shu jumladan bitim shartlariga ko‘ra, u yoki bu shaklda chet el valutasini ayirboshlash (konversiya) nazarda tutilgan operatsiyalardagi miqdor hisobi yuritiladi.

Ochiq valuta pozitsiyasi chet el valutasini sotib olish yoki sotishga doir bitimlar imzolangan sanada, shuningdek chet el valutasidagi foiz daromadlari (xarajatlar) hisoblab yozilgan va boshqa daromadlar (xarajatlar) hisobvaraqqa kiritilgan (hisobdan chiqarilgan) sanada yuzaga keladi.

Banklarning valuta tavakkalchiligini cheklash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi qarori bilan banklar uchun ochiq valuta pozitsiyasining quyidagilar bo‘yicha limitlari belgilanadi:

  • har bir turdagi chet el valutasi;
  • ochiq valuta pozitsiyalari jami miqdori;
  • qisqa valuta pozitsiyalari jami miqdori;
  • uzun valuta pozitsiyalari jami miqdori.

Belgilangan limitlardan oshgan ochiq valuta pozitsiyalarining keyingi operatsiya kuniga o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ochiq valuta pozitsiyalari belgilangan limitlardan oshgan taqdirda, bank tomonidan ochiq valuta pozitsiyalarini o‘rnatilgan limitlargacha qisqartirish maqsadida operatsiya kuni yakuniga qadar tegishli balanslashtiruvchi operatsiyalarni amalga oshirishi lozim (shu jumladan, chet el valutasini sotish yoki xarid qilish).

Top