17:31 / 15.04.2021
18262

AQShning Qora dengizga yo‘l olgan harbiy kemalari Putin va Bayden suhbatidan so‘ng yo‘nalishini o‘zgartirdi

AQSh Qora dengizga harbiy kemalarini jo‘natishi haqida 8 aprelda ma'lum bo‘lgandi.

Foto: REUTERS/Yoruk Isik

AQShning Qora dengizga yo‘l olgan «Donald Kuk» va «Ruzvelt» esminetslari Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Jo Baydenning telefon orqali suhbatidan so‘ng yo‘nalishini o‘zgartirdi. Bu haqda «Izvestiya» xabar bermoqda.

Nashrning yozishicha, ikki davlat rahbarlari muloqotidan so‘ng Amerika kemalari Krit oroliga kirgan va AQSh harbiy-dengiz kuchlari moddiy-texnik ta'minot punktida bir kun turgan. 14 aprel kuni kechqurun esa kemalar orolni tark etgan, ularning yo‘nalishi hozircha aniq emas.

AQSh Qora dengizga harbiy kemalarini jo‘natishi haqida 8 aprelda ma'lum bo‘lgandi. CNN telekanalining ma'lumot berishicha, Oq uy Ukrainani shu yo‘l bilan qo‘llab-quvvatlashni ko‘zlagan.

 Pentagon bu ma'lumotni tasdiqlamadi, ammo Turkiya hukumati Qora dengizga ikkita harbiy kema kirib borishi to‘g‘risida xabardor qilinganini bildirdi.

Keyinroq AQSh Anqaraga harbiy kemalari Qora dengizga kirmasligini bildirgani to‘g‘risida ma'lumot tarqaldi. Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li keyinchalik bu ma'lumotni tasdiqladi.

Mavzu
Ukraina mojarosi
2020 yil mart oyi oxirida ukrainalik harbiylar Donbassdan berilgan artilleriya zarbalari qurboni bo‘ldi. Aprel oyi boshida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shinlarini to‘play boshladi.
Barchasi
Top