18:23 / 15.04.2021
477
Qarshida suv ta'minoti korxonasi fuqaroni asossiz 3 million qarz qildi
Foto: Shutterstock

Qarshi shahrida yashovchi fuqarolardan biri suv ta'minoti korxonasi tomonidan asossiz qarz qilingan va tarmoqdan uzib qo‘yilgan. Bu haqda Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Qarshi shahrida yashovchi fuqaro U.Eshmo‘minova kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelgan bo‘lsa-da, suv ta'minoti korxonasi tomonidan unga 3 million 78 ming so‘m asossiz qarzdorlik hisoblangan va xonadon ichimlik suvi tarmog‘idan uzib qo‘yilgan.

Shundan so‘ng, u mazkur masala bo‘yicha iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga murojaat qilgan. Murojaatda keltirilgan holatlarni o‘rganish davomida aniqlanishicha, ta'minotchi tomonidan iste'molchi xonadonida foydalanilgan suv ta'minoti uchun asossiz ravishda ortiqcha to‘lov talab qilingan. Aslida esa, iste'molchida hech qanday qarzdorlik mavjud emasligi ma'lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, suv ta'minoti korxonasi mas'ul xodimlarining e'tiborsizligi tufayli hisob-kitob dasturida fuqaro U.Eshmo‘minovaning nomiga boshqa fuqaroning qarzdorligi kiritib ketilgan.

Ta'kidlanishicha, agentlik aralashuvidan so‘ng, muammo hal bo‘lgan. Xususan, iste'molchi suv tarmog‘iga qayta ulab berilgan va asossiz hisoblangan 3 million 78 ming so‘m to‘lov qayta hisob-kitob qilingan.

Top