08:27 / 15.04.2021
4222
Qo‘qonda bozordagi yig‘imdan norozi bo‘lgan ayollar yo‘lni to‘sib qo‘ydi. Farg‘ona viloyatidagi bozorlarda yig‘imlar miqdori pasaytiriladi
Foto: KUN.UZ

Qo‘qon shahrining Yangi bozor hududida bir guruh ayollar avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Mazkur voqelikdan so‘ng Farg‘ona viloyati bozorlari va savdo komplekslarida bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovi va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlari pasaytirildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahri hududidagi Yangi bozorda, bozor shartnoma narxlaridan norozi ayollar yo‘lni to‘sgani bilan bog‘liq videoxabarlar tarqaldi. Ayollar Qo‘qon shahridagi sanoat bozorlarida ijara shartnomasi narxi oshganligidan norozi bo‘lib ushbu qarorga kelgan.

Qo‘qon shahar hokimi Ma'rufjon Usmonov voqea joyida bo‘lib, Qo‘qon savdo kompleksi hududida savdo qiluvchi tadbirkorlar  hamda yo‘l to‘sgan ayollar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Bozor hududida savdo qilish uchun bir kvadrat metr hisobida to‘lanadigan ijara haqi avvalgi tarif bo‘yicha qoladigan bo‘ldi.

Ta'kidlanishicha, viloyat moliya bosh boshqarmasi va davlat soliq boshqarmasining qo‘shma taklifini inobatga olgan holda 2021 yil 1 apreldan Farg‘ona viloyatidagi bozorlar va savdo komplekslarida bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovi va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlarining yangi stavkasi tasdiqlangan.

Yangi stavkalar (bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovi va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati) bozorlar va savdo komplekslarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'yektlarining e'tirozlariga sabab bo‘lgan.

Shundan kelib chiqib, viloyat hokimligi tomonidan ushbu e'tirozlarni o‘rganish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzilib, holat to‘liq o‘rganib chiqilgan. O‘rganish natijasiga ko‘ra, bozorlar va savdo komplekslarida bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovi va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlarini oshirish bo‘yicha viloyat moliya bosh boshqarmasi va davlat soliq boshqarmasi tomonidan kiritilgan qo‘shma taklifning asoslantirilmaganligi, yig‘imlar, ijara to‘lovlari va xizmatlar miqdorlari uchun belgilangan yangi stavkalar tadbirkorlar uchun maqbul emasligi va bu tadbirkorlarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lganligi ma'lum bo‘ldi. 

2021 yil 1 aprelda tasdiqlangan bozorlar va savdo komplekslarida bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovi va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish, ularni keskin pasaytirish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilingan.

Top