17:40 / 15.04.2021
10323
Toshkentda avtobus yo‘l chetida turgan piyodani urib yubordi

"Toshshahartransxizmat" AJ axborot xizmati Toshkent shahrida "Isuzu" rusumidagi avtobus ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.

Joriy yil 11 aprel kuni soat 14:50lar atrofida, 41-sonli yo‘nalishda harakatlanuvchi haydovchi avtobusni Bunyodkor ko‘chasi bo‘ylab boshqarib borayotgan vaqtda Navoiy, Samarqand, Buxoro viloyatlariga qatnovchi taksilar avtoturargohi qarshisida, yo‘l chetida turgan piyodani urib yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan, "Toshshahartransxizmat" aksiyadorlik jamiyati Yo‘lovchi transportida harakat xavfsizligini nazorat etish boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv ishlari o‘tkazilganda, avtobus "7-Avtobus saroyi" MChJ tasarrufidagi, 41-sonli yo‘nalishda harakatlanuvchi "Isuzu LE 60" rusumli avtobus haydovchisi M.M. ekani aniqlandi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, jabrlanuvchi piyoda yo‘l-transport hodisasi oqibatida tan jarohati olgan va Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markaziga yetkazilib, tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ayni paytda jabrlanuvchi piyodaning ahvoli qoniqarli ekani aytilmoqda.

Hozirda ushbu huquqbuzarlikni amalga oshirgan avtobus haydovchisi M.M.ga nisbatan jinoiy ish ochilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top