09:09 / 15.04.2021
20447

Xodimni ishdan bo‘shatishda kompensatsiya to‘lash tartibi o‘zgartirildi

Foto: Getty Images

Mehnat vazirligi tomonidan tasdiqlangan mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilinib, ogohlantirish muddati pullik kompensatsiyaga almashtirilganda xodimlarga moddiy madad berish tartibi haqidagi tushuntirishga o‘zgartirishlar kiritildi.

Xususan, hujjatda keltirilgan misol (yettinchi va sakkizinchi xatboshilar) quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Mehnat shartnomasi 1 martdan bekor qilinishi haqidagi bildiruv xati bilan xodim 1 yanvarda yozma tarzda ogohlantirildi. Lekin, xodim bilan ish beruvchi kelishuvi asosida ushbu ogohlantirish muddati pullik kompensatsiyaga almashtirildi va xodim bilan mehnat shartnomasi 1 yanvardan bekor qilindi.

Xodimga ogohlantirish muddatiga mutanosib ravishda (yanvar, fevral oylari uchun) pullik kompensatsiya va bir oylik (yanvar uchun) ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘landi. Agarda xodim, ishga joylashmaganini mehnat daftarchasi yoxud elektron mehnat daftarchasi ko‘chirma nusxasi bilan tasdiqlasa (elektron mehnat daftarchasi ko‘chirma nusxasida ko‘rsatilgan ma'lumotlar to‘g‘riligini tekshirish my.mehnat.uz elektron manzili bo‘yicha elektron mehnat daftarchasi noyob raqamini kiritish yoki mobil telefon yordamida QR kodni skaner qilish orqali amalga oshiriladi), Mehnat kodeksi 67-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan ikkinchi oy (fevral) uchun o‘rtacha oylik ish haqini mart oyida olish huquqiga ega bo‘ladi.

Ushbu xodim, mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng 30 (ilgari – 10) kalendar kun ichida, ya'ni 2 yanvardan 31 yanvargacha bo‘lgan muddatda mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa va aprel oyida bu to‘g‘risida mehnat organi ma'lumotnomasini taqdim qilsa, unga uchinchi oy (mart) uchun ham ilgarigi ish joyidan o‘rtacha oylik ish haqi to‘lanadi».

Hujjat qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 1.04.2021 yildan kuchga kirdi.

Top