13:57 / 15.04.2021
15690
Zidan yana Kloppdan ustun, «Liverpul» esa yangilanishi kerak

Inglizlar Chempionlar ligasining 1/4 finali javob uchrashuvida ispanlar darvozasiga yo‘l topa olmadi (0:0) va turnirni tark etdi. Qizillar 2018 yil finalidagi mag‘lubiyat uchun «Qirollik klubi»dan qasos ololmadi.

Foto: Michael Regan/Getty Images

Chempionlar ligasi. 1/4 final. Javob o‘yini
«Liverpul» (Angliya) — «Real» (Ispaniya) — 0:0

«Liverpul»: Alisson, Roberson, Aleksandr-Arnold, Fillips, O‘zan Kabak (Tiagu Alkantara, 60), Milner (Jota, 60), Veynaldum, Fabinyu, Roberto Firmino (Oksleyd-Chemberlen, 82), Saloh, Mane (Shaqiri, 82).
«Real»: Kurtua, Nacho, Mendi, Eder Militao, Modrich, Kroos (Odriosola, 72), Kazemiro, Valverde, Benzema, Asensio (Isko, 82), Vinisius Junior (Rodrigo, 72).
Ogohlantirishlar: Roberson, 25. Kazemiro, 25. Fillips, 59.
Hakam: Kyupers (Niderlandiya).
14 aprel. Liverpul. «Enfild» stadioni.
Birinchi o‘yin — 1:3.

Zinedin Zidan boshqaruvidagi «Real» Chempionlar ligasidan pley-offda chiqib ketishi faqat bir marta — fransiyalik mutaxassisning to‘liqsiz mavsumida ro‘y bergan, o‘shanda 1/8 finalda «Manchester Siti»ga qarshi ikki uchrashuv ham 1:2 hisobidagi mag‘lubiyat bilan tugagandi. Bu murabbiy bilan madridliklar asosiy yevrokubokda qatorasiga uch mavsum g‘olib bo‘lishgan, bunga qadar YeChLda biror klub avvalgi mavsumdagi chempionlikni saqlab qola olmagandi. Bu yutuq — aql bovar qilmas natija, hatto «Qirollik klubi» imkoniyatlarini hisobga olganda ham.

Lekin buning uchun Zidanni buyuk murabbiy deb atash mumkinmi? Yoki hech bo‘lmasa, zamonaviyning eng yaxshi murabbiyi deyish? Zizuning tanqidchilari yetarlicha, xuddi Klopp va Gvardiolada bo‘lgani kabi. Ammo nemis va ispan mutaxassisdan farqli o‘laroq, 1998 yilgi jahon chempioniga bir jiddiy e'tiroz bor: «Real»da «Man Siti» yoki «Liverpul»da bo‘lgan o‘ziga xos uslub yo‘q. Ko‘pchilik o‘sha g‘alabali uch mavsumda «qaymoqranglilar»ga g‘oliblikni «omad kokteyli», hakamlarning xatolari va Krishtianu Ronaldu omili keltirgan deb hisoblaydi. Ko‘pchilik eslaydi: Finallardan birida Ramosning goli ofsayddan kiritilgan, boshqasida Karius yordam bergan, «Yuventus»ga qarshi chorak final o‘yinida «yuragi o‘rnida chiqindi idishi bo‘lgan hakam» ishlagan... Bundan tashqari, nisbatan yengil taqvim ham «Real»ning ishini osonlashtirgan. 2015/16 yilgi mavsumdagi raqiblar: «Roma», «Volfsburg», Gvardioladan oldingi «Manchester Siti» va finalda «Atletiko».

Gapning indallosi, Zidanga savollarni ko‘p berish mumkin. Va Zinedin hozir javob berishi kerak. Krishtianu allaqachon jamoani tark etib ketgan. Endi raqiblar qiyinroq: «Real» eng qiyin guruhdan pley-offga chiqdi, pley-offda dastlab «chaqilmas yong‘oq» «Atalanta»ning to‘sig‘idan o‘tdi, endi «Liverpul» turnirdan chiqarib yuborildi. Ha, hozir qizillarning eng yaxshi davrlari emas: himoya markazida sifatli futbolchilar yo‘q, jamoaviy o‘yin ham avvalgidek emas. Ammo «Real» ham kadrlar muammosiga duch kelgan: Ramos, Varan, Azar, Vaskes, Karvaxal kabi futbolchilar safdan chiqqan. Hakamlar qo‘llab-quvvatlovi haqida gaplar o‘rinsiz: birinchi o‘yinda ham, javob o‘yinida ham ular risoladagidek ishlashdi.

«Liverpul»ning himoyadagi muammolari haqida butun mavsum davomida gapirishdi. Ammo «Real»ning himoyasidagi muammolar ham undan kam emasdi. Markazdagi asosiy juftlikdan (Ramos va Varan) tashqari, o‘ng qanotda Karvaxal ham o‘ynay olmayapti, uning o‘rnida o‘ynab turgan universal futbolchi Vaskes klasikoda safdan chiqdi. Nazariy jihatdan, bu yerda Nachoni ham o‘ynatish mumkin, ammo u markazda kerak. Bu holatda murabbiydan ijodiy yondashuv talab etilardi.

Zidan Fede Valverde orqali muammolarga yechim topdi. Valverdeda bu pozitsiyada o‘ynash tajribasi yo‘q edi, bu pozitsiyadagi birinchi o‘yin esa YeChLda «Liverpul»ga qarshi kechdi. Qolgan pozitsiyalarda syurprizlar yo‘q: Asensio va Junior hujum qanotlarida tushirildi, yarimhimoya markazidagi uchlik (Kroos, Modrich, Kazemiro) va Benzema o‘ynashi haqida bir hafta oldin ham aniq aytish mumkin edi.

Klopp Madriddagi o‘yin bilan solishtirganda ikki o‘zgarish qildi, ikkisini ham xatoni to‘g‘rilash deb atash mumkin. Keyta va Jota o‘rniga boshlang‘ich tarkibda Milner va Firmino tushdi. 

«Liverpul» ilk daqiqalardan hujumga otlandi. Maydon egalarining dastlabki 10 daqiqadagi ko‘rsatkichi: ikki zarba, uch burchak to‘pi, jarima maydoniga olti uzatma va to‘pga egalik qilish bo‘yicha 62 foizlik ustunlik.

Bo‘lim oxirida ham mersisaydliklar ilk daqiqalardagi kabi faol bo‘lishdi. So‘nggi daqiqalarda mezbonlar ikkita yaqqol golli vaziyat yuzaga keltirishdi - ikki holat ham hujum chizig‘i vakillarining individual mahorati bilan bo‘ldi. Veynaldum uzun pas bilan Maneni oldinga boshladi, u esa Salohni zarba berish vaziyatiga chiqardi, ammo misrlik futbolchi bu oqshomda ikkinchi qulay vaziyatini ko‘kka sovurdi. Bir daqiqa o‘tib Aleksandr-Arnold bir necha raqib orasidan o‘tib jarima maydoniga yorib kirdi va to‘pni diagonal pas bilan ochiq turgan Veynaldumga uzatdi - ammo niderlandiyalik futbolchi ham gol urolmadi.

Bunday hujumlar «Liverpul» ikki bo‘limda nihoyat raqibni taslim qiladi degan tasavvur uyg‘otardi. Ammo «Real» bunday bosimga hatto eksperimental himoya chizig‘i bilan ham tayyor bo‘lib chiqdi va barcha hujumlarga turib berdi. Jami uch soatlik o‘yinda «Liverpul» hujumchilaridan atigi bir gol o‘tkazish — bu himoyani olqishlash uchun sabab bo‘la oladi.

Jamoa qarshi hujumlarga ham ko‘p chiqqani yo‘q, lekin asosiy vazifani uddaladi - «Real» raqibning o‘yinini o‘ldirdi. «Liverpul» ikkinchi bo‘lim boshida xavfli vaziyatlar yarata olmadi, maydonda asosan to‘p uchun kurash kechdi. Mehmonlar himoyaga yotib olgani yo‘q - maydon markazidagi futbolchilarning sa'y-harakati bilan to‘p raqibga topshirib qo‘yilmadi. Mane va Saloh o‘rnini almashtirib harakatlangani ham foyda bermadi.

O‘yinning bir soati ortda qolganida Klopp ikki o‘zgarish amalga oshirdi. U charchagan Milner va himoya markazidagi Kabakni olib, Alkantara va Jotani tushirdi. Fabino himoyaga qaytarildi, tayanch hududida Veynaldum Alkantara bilan o‘ynay boshladi, hujumda esa birato‘la to‘rt futbolchi harakatlana boshladi. O‘yinning oxirgi qismida Veynaldum ham oldinroqqa chiqdi, Trent esa ortga qaytmay o‘ynay boshladi.

O‘yin ochila boshladi. Ikki tomonda ham vaziyatlar yuzaga kela boshladi. Firminoning xavfli zarbasini Militao qaytardi, uzatmani darvozaga joylab qo‘ymoqchi bo‘lgan Benzemaga Fillips o‘z vaqtida qarshilik ko‘rsatdi.

Foto: Nick Taylor/Getty Images

Zidan o‘z almashtirishlari bilan javob berdi. U baribir Odriosoluni tushirdi (u joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida faqat uch o‘yinda boshlang‘ich tarkibda o‘ynagan) - Kroos o‘rniga. Valverde Kroos o‘rniga o‘tdi, Odriosolu o‘zi uchun odatiy bo‘lgan o‘ng qanotga. Vinisius o‘rniga Rodrigo chiqdi, Asensio o‘rniga Isko. 4-3-3 sxemasi 4-5-1ga o‘zgardi. Rodrigo va Isko qanot hujumchilari sifatida tushgan bo‘lishsa-da, orqaroqda o‘ynashdi. «Real» o‘yin oxirida himoyalanish bilan shug‘ullandi. 80-daqiqadan keyin «Liverpul»ning to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunligi 80 foizga yaqinlashdi - lekin yaqqol vaziyatlar yuzaga kelmadi. Mehmonlar himoyalanishdi, ammo vaziyatni nazorat qilishdi.

Bu Zidanning g‘alabasi. Aynan u «Real» o‘yinini shunday qurdiki, «Liverpul» ikki o‘yinda ham hatto yarim final hidini seza olmadi. Inglizlar uchun bu fojia: endi tan olish kerak, Yurgen Klopp bu mavsum sovrinsiz qoldi. Jamoa o‘zgarishi kerak, muammo faqat van Deykning jarohatida emas, Saloh, Mane, Firmino va Jota bir vaqtda o‘ynaganda ham gol bo‘lmadi.

«Real» esa tarkibdagi dahshatli muammolarga qaramasdan, Ronaldu yoki uning o‘rniga olib kelingan Azara yo‘qligiga qaramasdan, ichki chempionatda ham, Chempionlar ligasida ham kurashni davom ettirmoqda. Pley-off bosqichi boshlanishi arafasida Zidanning jamoasini favoritlar qatorida ko‘rishmayotgandi, ko‘pchilik bu jamoa hatto «Atalanta» to‘sig‘idan o‘ta olmasligini taxmin qilgandi. Ammo «Qirollik klubi» xarakter ko‘rsatdi va endi jamoa bemalol finalga chiqish haqida ham o‘ylashi mumkin.

Keyingi raqib esa — «Chelsi».

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentyabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Top