21:20 / 16.04.2021
32654
«Askar emas, xabar jo‘natilyapti» - Mutaxassislar Rossiyaning Ukraina bo‘yicha siyosati haqida

Ukraina atrofidagi keskin siyosiy vaziyat va mamlakat chegarasiga harbiy kuchlarning to‘planishi ortidan G‘arb ziddiyatni yanada kuchaytirib yubormaslik borasida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ogohlantirdi.

Foto: Getty Images

Moskva esa ayblovlarni rad etib kelmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi ular NATOning Yevropadagi «tahdid soluvchi» harakatlariga javob berganini ta'kidladi. Shundan so‘ng Oq uy Putinga telefon qildi.

AQSh prezidenti Jo Bayden Putinga yaqin oylarda ikki tomonlama sammit o‘tkazishni taklif qildi. Aytish joizki, bir necha hafta oldin Bayden jurnalistlarga bergan intervyusida Rossiya rahbariga nisbatan «qotil» so‘zini qo‘llagan edi.

«Putin tomonidan tanglikni kuchaytirish siyosati olib borilayotgan o‘yinda birinchi bo‘lib qadamni Blinken tashladi», deydi BBC bilan suhbatda jurnalist Konstantin Eggert telefon qo‘ng‘irog‘iga ishora qilar ekan.

Ukraina chegarasiga joylashtirilgan minglab rus askarlari, Qora dengiz tomon yo‘l olgan Amerika harbiy kemalari haqidagi xabarlar va Rossiya Tashqi ishlar vazirligining «o‘z manfaatlari uchun» ortga chekinish kerakligi haqidagi ogohlantirishlari Rossiyaning Ukrainaga bosqin uyushtirishi yaqinlashib kelayotgani haqidagi bahslarning tug‘ilishiga sabab bo‘ldi. Xo‘sh, Rossiyaning rejasi aslida ham shundaymi?

Baydenning harakatini «ofatning oldini olish» siyosati deb baholaganlar ham bo‘ldi, imtiyozlar berib xato qildi, deganlar ham bo‘ldi.

Boshqa tomondan, o‘tkazilishi kutilayotgan sammit oldidan ulkan harbiy harakatlarning yuzaga kelish ehtimoli borgan sari susaymoqda.

«Baydenning yuziga bunday tarsaki tushirish davlat arbobiga to‘g‘ri kelmasdi», deydi uchrashuv taklifini bergan Bayden ustun vaziyatda ekanligini ta'kidlagan Eggert.

Askar emas, xabar jo‘natilyapti

Ayni paytda, Rossiya televideniyesidagi tok-shoularda boshlovchilar va mehmonlar Moskvaning qudrat namoyishini maqtab, o‘z mamlakatlari AQSh va NATOning dushmanona harakatlariga qarshi turganini ta'kidlashmoqda. Sharhlovchilardan biri Bayden «o‘z jahliga yengildi», degan fikrni bildirdi.

Rossiyalik senator Konstantin Kosayevning «AQSh Rossiyaning harbiy ustunligini yengib o‘tish imkonsiz ekanini ko‘rmoqda» degan izohi ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Kosayev ikki davlat muloqot stoliga qaytishi kerakligini ta'kidladi.

Moskvaning harbiy kuchlarni namoyishkorona to‘plash harakati «endi uning G‘arb sevadigan mamlakat bo‘lishga intilishni to‘xtatib, G‘arb qo‘rqadigan mamlakatga aylanmoqchi» ekaniga ishora qilmoqda.

Putin bundan 7 yil oldin sharqiy Ukrainaga qo‘shin va qurol-yarog‘ yuborganda vaziyat boshqacha edi. Ushbu maxfiy operatsiyalarning mavjudligi ayni paytga qadar rad etib kelinadi. Bu safar Rossiya qo‘shin yuborishdan ko‘ra xabar yuborishni xohlayotganday taassurot uyg‘otmoqda.

Kiyevning «gugurt o‘ynaydigan bolalari»

Rossiya Xalqaro aloqalar kengashi prezidenti Andrey Kortunov Rossiyaning yondashuvini «oldini olish» siyosati sifatida ta'riflamoqda.

Kortunov Ukrainaning mamlakat sharqida o‘z harbiy kuchini kuchaytirishga qaratilgan sa'y-harakatlarini esga olib, Moskvaning odimlarini Rossiya qo‘llab-quvvatlagan kuchlar nazorati ostidagi hududlarni yo‘qotmaslik uchun qilingan harakat sifatida tavsiflamoqda.

Kremlning yuqori lavozimli mulozimi Kiyev tomonidan harbiy qadam tashlanishi «Ukrainaning tugashi» bo‘lishidan ogohlantirdi va Ukraina hukumatini «gugurt o‘ynaydigan bolalar»ga o‘xshatdi.

Hozirgi kunda Rossiyaning harbiy aralashuv uchun qo‘lga kiritgan asosi bor.

2014 yilda Ukrainaning sharqida boshlangan mojarolardan beri Donbassda yashovchi qariyb yarim million kishiga Rossiya pasportlari berilgan.

Kortunov Ukraina AQSh va Yevropaning ko‘magi bilan harbiy qudratini oshirganini eslatib, ushbu «xalq respublikalari»da jiddiy xavf tug‘ilgudek bo‘lsa, Rossiya ushbu odamlarni qutqarish uchun mintaqaga kirib borishdan tortinmaydi», degan fikrni bildirdi.

«To‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy aralashuvdan Putinga foyda tegadigan hech narsa ko‘rmayapman. Mening fikrimcha, Rossiyaning siyosati mavjud vaziyatni saqlab qolishga qaratilgan. Moskvada Ukrainaning to‘planib qolgan muammolari va G‘arbdagi Ukraina charchoqlari ostida qolish xavotiri mavjud», deydi Kortunov.

Vashingtonga xabar

Masalaning AQSh bilan bog‘liq tomoni ham bor.

Vashington yaqinda NATOga a'zo bo‘lish istagini takror bildirgan Ukrainaning bu talabiga qarshi turgan va mintaqa kelajagini o‘zi belgilashni istagan Rossiyani ogohlantirdi.

Ba'zi sharhlovchilar Moskva AQSh saylovlariga aralashgani va kiberhujumlar uyushtirgani haqidagi da'volardan keyin Bayden ma'muriyatining sanksiyalaridan qochishga harakat qilmoqda, degan fikrda.

«Rossiya vaziyatning jiddiyatini kuchaytirishga urinmoqda: u o‘z mamlakatiga og‘ir badal to‘latmoqchi bo‘lganlar ham og‘ir tovon to‘lashi mumkinligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi – hatto bu yondashuv yanada og‘ir sanksiyalarga olib kelishi mumkinligini bilsa-da», deydi tashqi siyosat bo‘yicha tahlilchi Mixail Troitskiy.

«Tanglikning kuchayishi xavfli, chunki u qachondir nazoratdan chiqib ketishi mumkin», deb qo‘shimcha qiladi Troitskiy.

Rossiya davlat telekanallarida «fashistik Ukraina» haqida doimiy ravishda bahs yuritilayotgan bo‘lsa-da, hamon koronavirus epidemiyasi bilan kurashayotgan rus xalqi Rossiyani katta urushga kirishda qo‘llab-quvvatlashi shubhali. Ayniqsa, ehtimoliy sanksiyalar va neft narxining pasayishi qo‘rqitib turgan bir vaziyatda.

Kortunovning ta'kidlashicha, Rossiya Ukrainaning bir qismini qo‘shib olgan 2014 yildan farqli o‘laroq, hozirda odamlarning e'tibori epidemiya va o‘z muammolariga qaratilgan.

2008 yilgi Rossiya-Gruziya urushi ikki kuch to‘qnashganda keskinlik qanchalar tez kuchayishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatgandi. Hech kim Putinning Qrimni anneksiya qilishga jur'at etishiga ishonmagandi. Ammo Donbassni himoya qilish ancha qonli va xavfli operatsiya bo‘lar edi.

Keyingi hafta Putin har yili bo‘lgani kabi «xalqqa murojaat» bilan chiqqach, uning rejasi nimadan iborat ekani ayon bo‘lishi mumkin. Rossiya rahbari ushbu platformadan G‘arbga qarshi urush tahdidlari yo‘lida foydalanishi bilan mashhur.

Baydenning qo‘ng‘irog‘i esa unga mojarodan qaytish imkoniyatini bergan bo‘lishi mumkin. Konstantin Eggert buni quyidagicha izohlaydi: «Menimcha, Putin nafaqat Yevropa, balki AQSh ma'muriyatining ham e'tiborini tortdi, ularni qo‘rqitdi. U bunday qilishni yaxshi ko‘radi».

Mavzu
Ukraina mojarosi
2020 yil mart oyi oxirida ukrainalik harbiylar Donbassdan berilgan artilleriya zarbalari qurboni bo‘ldi. Aprel oyi boshida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shinlarini to‘play boshladi.
Barchasi
Top