20:21 / 16.04.2021
34129
«Biz bilgandik shunaqa bo‘lishini» - Toshkent metropoliteni rahbari Sergeli yo‘nalishidagi nosozlik haqida

Toshkent metrosining Sergeli yo‘nalishida yuz bergan texnik muammo avvaldan kutilgan bo‘lgan, deb ma'lum qildi «Toshkent metropoliteni» UK rahbari Oybek Xudoyqulov.

«Biz bilgandik shunaqa bo‘lishini, shunga tayyorgarlik ko‘rgandik. Faqat bir oydan keyin boshlanadi deb turgandik. Chunki bu havo haroratining ko‘tarilishi bilan bog‘liq holat edi. Bilardik relslarning uzayishini. Temir yo‘lda ham bor bu narsa. Hammasini hisobga olib qo‘yganmiz, lekin hali vaqt bor deb o‘ylagandik. Harorat 20 gradus bo‘lgani uchun hali bor deb o‘ylagandik, shunday holat yuz berib qoldi», – ta'kidladi Xudoyqulov 16 aprel kungi matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq metroning Sergeli yo‘nalishida texnik muammo sabab metro harakati 6 soatga to‘xtab qolgan edi. Bunga yo‘nalishdagi kontakt relsining kronshteynni ushlab turish qurilmalaridan chiqib ketishi sabab bo‘lgandi

Metropoliten rahbarining so‘zlariga ko‘ra, metroda texnik nosozliklarning oldini olish maqsadida ekspertiza guruhi ish olib boradi.

«Barcha yo‘nalishlarimizda ishchi guruh faoliyat olib borgan, shaxsan o‘zim ham a'zoman guruhga. Avvalo, yo‘lovchi sifatida yurib ko‘ramiz, keyinchalik yo‘lovchilarga biror to‘sqinlik qiladigan holat bo‘lmasligi uchun. Biz ham shu yerda ishlaymiz, foydalanamiz, tizimdagi 4 mingdan ortiq xodim shu metroda bo‘lamiz. Ekspertizadan o‘tgandan keyin ham o‘zimiz qarab, tekshirib chiqamiz. Bu masalada yo‘lovchilarga birorta xavf yo‘q», – deydi u.

Oybek Xudoyqulovning aytishicha, 2021 yilning dastlabki 3 oyida yo‘lovchilardan tushgan mablag‘ 31,5 mlrd so‘mni tashkil etadi. Metroda haftaning dushanba–juma kunlarida bir kunda 330 minggacha yo‘lovchi tashiladi. Dam olish kunlari yo‘lovchilar nisbatan kamayadi: 140–150 mingga tushadi. Bir oyda yo‘lovchilardan tushgan mablag‘ 10,5 mlrd so‘m bo‘ladi va shundan 8,5 mlrd so‘m tizimda faoliyat yuritayotgan 4200 nafar xodimga oylik sifatida beriladi. 3 mlrddan ortiqroq mablag‘ elektr energiyasiga sarflanadi.

«Jamoat transporti o‘zini o‘zi qoplamasligi sir emas, shuning uchun har yil yakunida keyingi yil xarajatlari uchun sarflanishi ko‘zda tutilgan mablag‘ni taxminan hisoblab, Moliya vazirligiga ma'lum qilamiz. Jumladan, 2021 yil xarajatlari uchun bizga 45 mlrd so‘m mablag‘ davlat tomonidan ajratilgan. Tan olishimiz kerak, topayotgan pulimiz o‘zimizning xarajatlarimizga yetmaydi. Buning oldini olish maqsadida yo‘lkira narxlarini ko‘tarish haqida ham taklif kiritganmiz. Lekin davlat rahbari bunga yo‘l qo‘ymasdan qolgani davlat tomonidan subsidiya qilib berilishi haqida topshiriq bergan», – dedi Oybek Xudoyqulov.

Top