11:50 / 16.04.2021
20530
«Men bugun Samarqandga qarsak eshitish uchun kelganim yo‘q. Bizga bahoni sizlar emas, xalq bersin» – prezident

Samarqand viloyatida bo‘lib turgan vazirlar o‘n kun davomida shu yerda qolib, o‘ziga tegishli sohani rivojlantirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda davlat rahbari tuman darajasidagi ishlar bilan shug‘ullanmasligi kerakligi, bu ishlar bilan tegishli sohalar rahbarlari shug‘ullanishi lozimligini aytib o‘tdi.

«Mana, menga berilgan ma'ruzada tumanlarga ekiladigan ekinlar haqida ma'lumot berilibdi. Axir bu prezident ishi emas. Prezident farmon va qarorlar qabul qilib beradi, uyog‘i boshqa rahbarlar ishi.

Mana, kuni kecha Pokiston bosh vaziri janob Imron Xon bilan ikki soatdan ortiq suhbatlashdik. Pokiston, Afg‘oniston yetakchilari bilan ulkan temir yo‘l loyihasini tasdiqladik. Agar mana shu temiryo‘limiz oldinroq bo‘lganida edi, bugun jahon bozoriga olib chiqayotgan mahsulotimiz tannarxi 50-60 foizgacha arzon bo‘lishi mumkin edi.

Biz qaysi yirik suvga chiqamiz desak, ikki davlatni bosib o‘tishimiz kerak. Aynan mana shu temir yo‘l loyihasi ishga tushayotgani uchun ham bizga yo‘l berayotgan davlatlar chegirmalar taklif qilishadi. Mana ulkan tashqi siyosat, prezident qiladigan ishlar.

Men bugun Samarqandga qarsak eshitish uchun kelganim yo‘q. Bizga bahoni sizlar emas, xalq bersin. Bugun Toshkentdan hamma vazirlar kelgan. Ularning hammasi 10 kun shu yerda qoladi va tizimni yo‘lga qo‘yadi.

Birinchi yo‘nalish – har bir mahalladagi muammo va imkoniyatlarni tanqidiy o‘rganish, aholini tadbirkorlikka va o‘zini o‘zi band qilishga jalb etish orqali, kambag‘allikni qisqartirish.

Viloyatda 174 ming nafar aholi ishsiz, 223 ming fuqaro ishlash uchun xorijga ketgan. Shuni hisobga olib, viloyatga Ishchi guruhi yuborib, «mahallabay» va «fuqarobay» ishlash tashkil etildi. 

Jumladan, 1  ming 100 ta mahallaning har biriga biriktirilgan bank xodimlari uyma-uy yurib, sektorlarda tashkil etilgan «Boshqaruv ofis»lari bilan birga, barcha mahallalarni rivojlantirish dasturlari ishlab chiqildi.

Bunda, avvalo aniq faoliyat turiga ixtisoslashgan mahallalar va xonadonlar tajribasini keng yoyishga alohida e'tibor qaratish zarurligi ma'lum bo‘ldi.

Masalan, Ishtixondagi «Humo» mahallasida za'faron, Bulung‘urdagi «Saxovat» mahallasida kartoshka yetishtirish, Paxtachidagi «Yobu», «Quvondiq», «Istiqbol», «Ko‘rpa» mahallalarida issiqxona, Oqdaryoda sabzavot urug‘chiligi, Urgutda to‘n va do‘ppi tikish, Kattaqo‘rg‘on tumanida qulupnaychilik, Past Darg‘omda mebelsozlik, Samarqand tumanida ko‘kat yetishtirishga ixtisoslashgan xonadonlar tajribasini boshqalarga ham o‘rgatish kerak.

Ayniqsa, xizmat ko‘rsatish deyarli mavjud bo‘lmagan mahallalarda, turli xil xizmat ko‘rsatish obektlarini tashkil etish lozim.

Nurmuratov, banklar bilan birga, viloyatda oilaviy tadbirkorlik uchun rejalashtirilgan 625 milliard so‘m o‘rniga, 900 milliard so‘m kredit ajratilishini tashkil etsin.

Mahallalarni rivojlantirish dasturidan kelib chiqib, har bir tuman va shaharning «o‘sish nuqta»lari belgilandi. Bu ishlarni pastda samarali tashkil etish uchun, tegishli vazirlar va banklar raislari biriktirildi», – deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top