11:15 / 16.04.2021
22296

Odamlar ishsiz yurgani hokimlarga berilgan baho - Prezident amaldorlar faoliyatini tanqid qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda bugungi zamon va xalq ishonchiga munosib ishlamayotgan amaldorlar faoliyatini tanqid qildi va Samarqandda ham korrupsiya holatlari borligini qayd etdi.

«Meni quyi bo‘g‘indagi kadrlar masalasi ko‘p qiynaydi. Qani endi quyi bo‘g‘indagi mansabdorlar, to‘rtta sektor rahbarlarining faoliyatini baholab beradigan kompyuter dasturlari bo‘lsa. Afsuski, yo‘q bunday dastur.

Mana, Andijondagi ayrim holatlarni televizorda ko‘rgandirsizlar. Mansabdorlar, 20 ming, 60 ming dollarlab pora olishyapti va yer sotishyapti. Nima, Samarqandda bunday holatlar yo‘qmi? Afsuski bor.

Hozir hokimlarga barcha sharoitlar yaratilgan. Lekin shunga munosib ish qilyapmizmi? Juda kam. Ochig‘i, 223 ming odam xorijda yurgani, 174 ming odam ishsiz yurgani har bir hokimga berilgan baho. Agar o‘sha hokimlar vijdon bilan ishlaganlarida 35-40 foiz maoshlarini davlatga topshirishlari kerak edi. O‘sha yurtdoshlarimiz xorijda sarson yurganlarida biror hokim hol so‘rayaptimi? Axir o‘shalar hisobidan oylik olyapti-ku?!

Qarsak chalishga juda ustamiz. Qarsak chalaverib meni ham o‘rgatmoqchimisizlar? Mening ham oyog‘im yerdan uzilsa, yillar o‘tib kelgusi avlod nima deydi?! Axir shuncha yil xalqni qiynab kelgan muammolar bilan shug‘ullanmadik, endi kechikishga haqqimiz yo‘q», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident Samarqandda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarga to‘xtaldi.

«Samarqandga juda katta pul bilan kelyapmiz. Bu trillionlab mablag‘. Birgina suv ta'minoti tizimiga 300 mln dollar ajratyapmiz. Samarqandda qachon birvarakayiga sakkiztalab mehmonxona qurilgan?

Qachongacha bobolarimiz qurib ketgan obidalar bilan maqtanamiz? Bizning ham nabiralarimiz biz barpo qilgan inshootlar bilan faxrlansin. Muammolar bilan bugun shug‘ullanmasak, ertaga kech bo‘ladi.

Samarqandning mehnatsevar, tanti xalqi bor. Bu viloyatda muammo bo‘lishi mumkin emas. Agar bugun hokimlar aniq tashabbuslar bilan chiqmasa, ishidan ketadi», – dedi prezident.

Top