19:20 / 16.04.2021
5610
«O‘zbekneftgaz»: Energetika vaziri va «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi GTL zavodidagi qurilish-montaj ishlari holatini o‘rgandi

«Uzbekneftegaz GTL» zavodida olib borilayotgan investitsion loyiha holatini o‘rganish maqsadida Energetika vaziri Alisher Sultonov va «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev qurilish maydonida bo‘ldi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Bugungi kunda loyiha o‘zining yakuniy bosqichiga yetib keldi. Umumiy ishlar ko‘lamining 96 foizi bajarildi. Zavodning qurilish maydonida qurilish-montaj ishlari yakunlanib, obodonlashtirish ishlari faol sur'atlarda amalga oshirilmoqda.

Tashrif davomida zavodning texnologik hududlarida ishga tushirish oldi ishlari va quvur, uskunalarning sinov ishlari jarayoni bilan batafsil tanishib chiqildi.

Energetika vaziri va Boshqaruv raisi asosiy podstansiya ishga tushirilgani va korxonaga elektr ta'minoti qabul qilinishi boshlangani, shuningdek, 2-son nazorat-o‘lchov priborlari hamda avtomatika xonasi binosida ishga tushirish-sozlash ishlari yakunlangani, Markaziy boshqaruv pulti, nazorat-o‘lchov priborlari va avtomatika tizimi uchun siqilgan havo ishlab chiqarish qurilmasi ishga tushirilgani holati bilan tanishishdi.

O‘z navbatida, ishga tushirish-sozlash ishlari davom etayotgan ishlarni yakunlash bo‘yicha mas'ullar va «Uzbekneftegaz GTL» rahbari Faxriddin Abdurasulovga ko‘rsatmalar berildi.

O‘rganish davomida xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi qoidalari va talablariga qat'iy rioya qilish, korxonaning ekspluatatsiya xodimlarini yuqori sifatli tayyorlash, shuningdek, ishga tushirish-sozlash ishlarini yuqori sifat bilan bajarishga qaratilgan qator vazifalar berildi.

Shuningdek, zavodning ma'muriy binosi qurilish ishlarining borishi o‘rganildi va bu yerda ishchi-xodimlarning ishlashlari uchun zamonaviy texnologiyalar o‘rnatish va shunga qarab qurilishni davom ettirish kerakligi ta'kidlandi.

Bundan tashqari, hozirda qurilish maydonlarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning yashash va ishlash sharoitlarini yaxshilash, ularga kerakli sharoitlarni muntazam yaratib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Eslatib o‘tamiz, loyihaning bosh pudratchilari – Koreyaning «Hyundai Engineering», «Hyundai Engineering & Construction» hamda «Enter Engineering» (Singapur) konsorsiumi tomonidan zavodda uskunalarni ishga tushirish ishlari faol sur'atlarda olib borilmoqda.

Ishga tushirish-sozlash oldi va ishga tushirish-sozlash ishlarini bajarishda hozirgi kunda 500 donadan ziyod texnika jalb etilgan bo‘lib, qurilish maydonida 9 mingdan ortiq kishi mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.

«Uzbekneftegaz GTL» zavodi ishga tushgach, yiliga 3,6 milliard kub metr tozalangan tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadi va 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘i, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna neft, kimyo sohasi uchun xomashyo bo‘lgan nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishiga erishiladi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Top