10:44 / 16.04.2021
13895
Samarqandda viloyat faollari yig‘ilishi boshlandi

Shavkat Mirziyoyev barchani yana bir bor Ramazon oyi bilan tabrikladi.

 Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Samarqand viloyati faollari, sohalar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

«Men hamisha Samarqandni sog‘inaman. Kuni kecha Imom Buxoriy majmuasida bo‘lgan uchrashuvda ham aytdim – ko‘p joylarda ishladim, lekin bu viloyatda orttirgan tajribam juda ko‘p qo‘l kelgan. Albatta, men bu viloyatda hokim bo‘lib ishlagan paytlarimni har doim eslayman. U paytlar muammolar ko‘p edi, imkoniyatlar cheklangan edi. 

Ularni yechishga hamisha harakat qilamiz. Samarqandda o‘zgarish bo‘lmayapti desak to‘g‘ri emas, o‘zgarishlar bor. Lekin Samarqand qachon shiddat bilan rivojlanadi, degan savol meni hamisha qiynaydi. 

Bilasiz, 2020 yil juda og‘ir keldi. Qanday qilib mana shunday og‘ir sharoitda kechagiga nisbatan bugun nima o‘zgaradi, xonadonlar qanday obod bo‘ladi, farzandlarimiz qanday qilib yaxshi yashaydi, degan savollar meni o‘ylantiradi. Agar kimdir kelib bizga bu narsalarni qilib beradi, desak adashamiz. Bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan zamonda har bir davlat, har bir millat birinchi o‘zi haqida qayg‘urmoqda. 

Biz ham bugungi muloqot chog‘ida o‘ylashimiz kerak – Imom Buxoriy majmuasidek muqaddas joylari bo‘lgan Samarqandda bugun nimalar qilamiz? Prezident ana shunday ulug‘ ayyom kunlarida nega keldi, degan savolga qanday javob beramiz?

Biz ana shunday ulug‘ insonlar davomchilarimiz, shuni unutmasak ishimizda baraka bo‘ladi, shukronalik bo‘ladi. Fursatdan foydalanib men hammangizni muqaddas Ramazon oyi bilan tabriklayman. Niyatim, kelgusi yillarda ham shu kunlarga eson-omon yetib boraylik», deya prezident nutqining kirish qismidan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top