16:50 / 16.04.2021
4893
Samarqandda tomorqa yerlaridan foydalanish tizimi samara bermoqda

​Davlat har qancha rivojlanmasin, qishloq xo‘jaligiga e'tibor susaysa, zamon bilan hamnafas ishlash tizimiga o‘tilmasa, katta yo‘qotishga uchraydi. Xususan, yurtimizda ham sohaga e'tibor ortib, islohotlar boshlandiki, bu qisqa fursatlarda istiqbolli natijasini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, hududlarda uyma-uy yurib, yangi tizim asosida ish olib borildi, tomorqa yerlariga ko‘proq eksportbop ekinlar ekishni targ‘ib qilishga keng jamoatchilik jalb qilindi. Shuningdek, vertolyotda uchib, monitoring o‘tkazish natijasida dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligi oshirilyapti. O‘ziga biriktirilgan tomorqa yeridan yil davomida ikki-uch marta hosil olib, daromadini ko‘paytirish, xalqimizni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda.

Samarqand viloyatida jami 846 ta mahalla fuqarolari yig‘ini mavjud bo‘lib, 631,4 ming nafar tomorqa yer egalariga 69,6 ming gektar ekin yer maydonlari biriktirib berildi.

2021 yil hosili uchun jami 19,4 ming gektar, shundan: 5 ming 951 gektarga avgust-sentyabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz hamda 13 ming 482 gektarga noyabr-dekabr oylarida to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekildi.

Ekilgan to‘qsonbosti ekinlaridan jami 281,7 ming tonna mahsulot yig‘ishtirib olinishi rejalashtirilgan.

Barcha tuman hokimliklari tomonidan 2021 yilda aholi xonadonlarida ekinlarni joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz hajmlari belgilab olindi.

Joriy yilda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarining 50 ming 36 gektariga bahorgi qishloq xo‘jaligi ekinlari joylashtirilishi belgilab olinib, shu kunga qadar 38 ming 540 gektar (77 foiz), shundan 19 ming 41 gektarga sabzavot, 11 ming 829 gektarga kartoshka, 713 gektarga poliz, 2 ming 65 gektarga dukkakli va 4 ming 893 gektarga boshqa ekinlar ekilishi yakuniga yetkazildi.

 
Erta bahorda ekilgan 50 ming 36 gektar maydonlardan jami 1 mln 313,8 ming tonna, shu jumladan 579 ming 759 tonna sabzavot, 31 ming 575 tonna poliz mahsulotlari, 270 ming 986 tonna kartoshka, 3 ming 582 tonna dukkakli ekinlar hamda boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlaridan 94 ming 231 tonna mahsulot yig‘ishtirib olinishi kutilmoqda.

Joriy yilda aholi tomorqalarida ekin ekishni tashkil etishda yordamga muhtoj xonadonlarga alohida e'tibor qaratildi. Yerlarni ekishga tayyorlash va ekin ekish ishlarida amaliy yordamga muhtoj 67 ming 890 ta aholi tomorqalariga 8 ming 145 ta fermer xo‘jaliklari biriktirildi. Jumladan, 4 ming 285 gektar yer tayyorlab berildi. 2 ming 185 gektar tomorqa yerlariga ekin ektirish ishlarida ko‘maklashildi. 21 ming 725 dona mevali daraxt ko‘chatlari yetkazib berildi.

Shuningdek, viloyatdan to‘qsonbosti, kartoshka va ko‘katlardan bo‘shagan 21 ming 182 gektar maydonlarga o‘rtangi ekinlar, shundan 2 ming 853 gektarga kartoshka, 12 ming 821 gektarga sabzavot, 635 gektarga poliz, 3 ming 177 gektarga dukkakli hamda 1 ming 695 gektar maydonlarga boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilishi belgilab olindi.

Joriy yilda aholi xonadonlarida qo‘shimcha ixcham 75,2 gektar maydonda 7 ming 520 dona issiqxonalar qurilishi belgilab olindi. Shu kunga qadar 1765 ta issiqxona qurildi. Shundan 882 tasi (9 gektarda) namunaviy loyiha (metall konstruksiyali), 883 ta (8,8 gektarda) mahalliy xomashyo (yog‘och) asosida qurildi.

Qolaversa, aholi tomorqalariga jami 770 390 ta har xil turdagi mevali daraxt ko‘chatlari ekilishi ta'minlandi. Bu boradagi ishlar hozir ham davom ettirilmoqda.

Dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqa yer egalariga takroriy ekinlarni ekish uchun talab etiladigan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini shartnoma asosida yetkazib berish hamda dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqa yer uchastkalarida hosil yetishtirish uchun zarur bo‘lgan yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, kimyoviy vositalar hamda mineral o‘g‘itlar belgilangan tartibda yetkazib berilmoqda. Shu bilan birga, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini belgilangan tartibda sotib olish va ularning eksport qilinishini tashkil etishda “Tomorqa xizmati” mas'uliyati cheklangan jamiyatlarini har bir mahallaga biriktirish ishlari olib borilyapti.

Darvoqe,  davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham Samarqandga tashrifi davomida tomorqadan samarali foydalanishni tizimli tashkil etish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi. Xususan, Kattaqo‘rg‘on tumanida qulupnay yetishtirish, Bulung‘ur tumanida kartoshkachilik va Samarqand tumanida ko‘katchilik tajribalarini ommalashtirish, boshqa tumanlarda ham keng joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berib o‘tdi.

Umuman, bu raqam va misollarni keltirishdan maqsad nima? O‘tgan yili koronavirus pandemiyasi O‘zbekistonga kirib kelgan dastlabki oylarda xalqimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining tanqis bo‘lib qolishidan tashvishga tushdi. Buning asoratlarini boshdan kechirganimiz ham sir emas. Mana shunday pallada har bir qarich yerdan, tomorqadan samarali foydalanilsa, buni har bir yurtdoshimiz chuqur anglab yetsa, hech qanday muammoga o‘rin qolmaydi. O‘z navbatida, tomorqadan unumli foydalanish, yetishtirilgan mahsulotlarni nafaqat xalqimiz dasturxoniga yetib borishi, balki eksport qilinishida ham yurtdoshlarimizga ko‘makchi bo‘lish asosiy maqsadimiz ekanligini eslatib o‘tishni istardik.

Akbar Norqo‘ziyev,

fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Samarqand viloyat kengashi raisi.

Top