18:29 / 16.04.2021
18331
Xodimlarini so‘kkan MIB Angren shahar bo‘limi boshlig‘iga hayfsan berildi

So‘kish eshitgan 7 nafar xodim bilan esa profilaktik suhbat o‘tkazilib, o‘z ishlariga mas'uliyatli bo‘lishga da'vat qilingan.

14 aprel kuni Kun.uz'da Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati Angren shahar bo‘limi boshlig‘i Mohizoda Yusupovaga tegishli ekani aytilayotgan audio e'lon qilingandi. MIB mansabdori ovozli xabarida kunlik rejani bajarmagan xodimlarini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilib, mehnat qonunchiligiga zid ravishda yarim tunda majlisga borishi kerakligini aytib, ularga tahdid qiladi.

Majburiy ijro byurosi holat bo‘yicha o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasini Kun.uz'ga ma'lum qildi.

«7 aprel kuni M.Yusupovaga Telegram orqali yo‘nalishdagi asosiy undiruvlarning biri bo‘lgan «Ayollar daftari», «Temir daftar» va «Yoshlar daftari» bo‘yicha undiruvlar kamaygani haqida qo‘l ostidagi xodimlar ma'lumot berishadi.

M.Yusupova ushbu yo‘nalishdagi undiruvlar har bir xodimlarga o‘rtacha 10 tagacha taqsimlangani, biroq ayrim xodimlar bu yo‘nalishdagi mas'uliyatsizlik bilan qarashi, salbiy ta'sir etishini o‘ylab, jahli chiqib, ushbu Telegram orqali haqoratli so‘zlar bilan audio yozuv yuborgan.

Hozirda M.Yusupova ushbu ishdan qattiq afsusda va har qanday intizomiy jazo uchun o‘zini aybli deb bilmoqda», – dedi Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov.

Rasmiy bayonotda M.Yusupova byuro organlarida 2017 yildan buyon, egallab turgan lavozimida esa 2018 yildan faoliyat ko‘rsatib kelayotgani, bunga qadar esa Sud departamenti tizimida 20 yil davomida turli lavozimlarga faoliyat ko‘rsatgani, «qattiqqo‘l, mas'uliyatli va talabchan xodim» sifatida tavsiflanishi urg‘ulanadi.

Ta'kidlanishicha, olib borilgan xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra, 16 aprel kuni M.Yusupovaning «Kasb odobnomasi» talablarini buzib, nomunosib xatti-harakat sodir etgani sababli unga «hayfsan» intizomiy chorasi qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, MIB Angren tuman bo‘limida xizmat qilayotgan 7 nafar xodimning ishga bo‘lgan mas'uliyati va javobgarligini oshirish, mehnat va ijro intizomiga qat'iy rioya etish borishi bo‘yicha profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

«Hozirda bu kabi noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha Byuro tizimidagi xodimlar o‘rtasida xizmat mavqeyini suiiste'mol qilish va nojo‘ya xatti-harakat qilishining oldini olish, rahbar xodimlarning qo‘l ostidagi xodimlarga har tomonlama ijobiy va xushmuomalali munosabatda bo‘lishi, mehnat va ijro intizomiga rioya etilishi bo‘yicha tegishli choralar belgilandi. Kelgusida ham bu kabi chora -tadbirlar yana ham kuchaytiriladi», – deydi Farrux Toshpo‘latov.

Top