14:18 / 17.04.2021
2961
Davlat mulkini sotishda QQSni kim to‘laydi?

Davlat mulkini realizatsiya qilganda qo‘shimcha qiymat solig‘ini realizatsiya qilish tartibi qanday bo‘lishi borasida Davlat soliq qo‘mitasi axborot tushuntirish materialini e'lon qildi.

QQSni kim to‘laydi?

Soliq kodeksi 256-moddasi ikkinchi qismiga asosan O‘zbekiston hududida davlat mol-mulki realizatsiya qilinganda (berilganda) qo‘shilgan qiymat solig‘i, ushbu mulkning xaridori (soliq agenti) tomonidan to‘lanadi.

QQSni to‘lash, sotib oluvchining soliq to‘lash rejimi (aylanmadan olinadigan soliq, qat'iy belgilangan soliq va boshqalar)dan qat'i nazar, amalga oshiriladi.

QQS soliq bazasi qanday aniqlanadi?

Mazkur holatda soliq bazasi shartnomada belgilangan QQSni hisobga olmagan holda xarid qilinadigan (olinadigan) davlat mol-mulki qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Soliq summasi qanday hisoblanadi?

Shartnoma bo‘yicha narx *15 foiz. Masalan, davlat mulki xaridor tomonidan auksionda 500 mln so‘mga sotib olindi. Bunda, QQS summasi 75 mln. so‘m (500 mln. so‘m x 15 foiz)ga teng bo‘lib, xaridor sotuvchiga 500 mln. so‘m, budjetga – 75 mln. so‘m o‘tkazib berishi lozim.

QQSni qachon hisobga olish mumkin?

Davlat mulkini sotib oluvchi, QQS summasini QQS hisoboti taqdim etilgan va to‘lagandan so‘ng hisobga olish huquqiga ega bo‘ladi.

Mol-mulkni QQS to‘lovchisi bo‘lmagan xaridor sotib olsa, QQS qanday hisoblanadi?

Agar ushbu mol-mulk QQS to‘lovchisi bo‘lmagan xaridor tomonidan sotib olingan bo‘lsa, QQS summasi sotib olingan mol-mulkning boshlang‘ich qiymatiga kiritiladi.

QQS to‘lash muddati qanday belgilangan?

QQS hisobotini taqdim etish va to‘lash muddati, davlat mulki sotib olingan oydan keyingi oyning 20 sanasiga qadar belgilangan.

Avvalroq, 20 aprel – foyda solig‘i va QQS hisobotini, shuningdek, yer qa'ridan olinadigan, norezidentlar daromadlari solig‘i hamda QQS hisobotini topshirishning oxirgi kuni ekanligi ma'lum qilingan edi.

Shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasi AKT departamenti direktori Hayotjon Nasrullayev hisobot topshirish davrida soliq platformalarida texnik nosozlik yuzaga kelgan taqdirda soliq to‘lovchilar nima qilishi to‘g‘risida Kun.uz savollariga javob bergandi.

Top