14:28 / 17.04.2021
716
Jizzaxning bir tumanidan o‘g‘irlangan avtomashina ikkinchi tumanidan shikastlangan holda topildi
Foto: Tergov departamenti

Jizzax viloyati Zarbdor tumanidan o‘g‘irlangan avtomashina shikastlangan holda Zomin tumanidan topilgan. Bu haqda IIV huzuridagi tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 14 aprel kuni soat 20:40da Zarbdor tuman IIBga fuqaro 37 yoshli I.Ma'ruf o‘ziga tegishli «DOGAN S» rusumli avtomashinasi o‘g‘irlangani yuzasidan xabar bergan. Olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari natijasida, avtomashina Zomin tumani Dashtobod shaharchasi hududida shikastlangan holatda topilgan.

Mazkur holat yuzasidan Zarbdor tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari davomida, ushbu jinoyatni 28 yoshli A.Ilhom mast holatda sodir etganligi, u Sirdaryo viloyati Xovos tumanida yashovchi tanishining oldiga borib kelish maqsadida avtomashinani olib qochganligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, hozirda A.Ilhom protsessual tartibda ushlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top