17:00 / 17.04.2021
30042
O‘zbekistonda koronavirus holatlari keskin oshayotgani ortidan favqulodda yig‘ilish o‘tkazildi. Tafsilotlar

Joriy yil 17 aprel kuni bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida koronavirusga qarshi kurash komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda koronavirus qayd etilishi holatlari keskin oshayotgani haqida xabar berdi. So‘nggi bir kunda mamlakat bo‘ylab yangi holatlar soni yil boshidan buyon ilk marta 300dan oshdi, Toshkent shahrida 227 holat aniqlanib, yana bir kishi vafot etdi.

Koronavirusni yuqtirganlar soni kunlik 300dan oshib borishi ortidan bugun, 17 aprel kuni bosh vazir Abdulla Aripov raisligida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda virusning «afrikacha» shtammi ham aniqlangan.

«Afrikacha» shtamm ham bizga kirdi, buni Ilg‘or texnologiyalar markazi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati bilan birgalikda o‘rganib, hammasini bir-biridan ajratib chiqdi. Hozir ham juda chuqur tahlil olib borilyapti», dedi bosh vazir.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev ham hozirgi pandemiya holatidan bezovta bo‘lib, Respublika maxsus komissiyasiga e'tiroz bildirgan, joylarda karantin tadbirlarini tashkil etishda tegishli choralar ko‘rilmayotganini ta'kidlagan.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 

«Hurmatli prezidentimiz hozirgi pandemik holatdan bezovta bo‘lib, respublika maxsus komissiyasiga ham e'tiroz bildirdilar. Shuningdek, davlat rahbari joylarda karantin tadbirlarini tashkil etishda tegishli choralar ko‘rilmayotgani to‘g‘risida juda qattiq bezovta bo‘lib aytdilar», dedi A.Aripov.

Tadbirda joriy yil 18 apreldan karantin qoidalari yanada kuchaytirilishi ma'lum qilindi.

Bog‘cha va maktablarda kasallanish holati aniqlangan taqdirda, ularning faoliyati zudlik bilan to‘xtatiladi hamda 2 haftaga karantinga olinadi. Ushbu vaqt mobaynida ular onlayn tartibda faoliyat yuritadi.

1 maydan boshlab, konsert tomosha tadbirlarini yopiq maskanlarda o‘tkazish bo‘yicha cheklov joriy etilmoqda.

Shuningdek, yirik savdo majmualari va bozorlarda, do‘konlarda karantin qoidalariga qat'iy amal qilinishi, jumladan, qo‘llarni antiseptik vositalari bilan zararsizlantirish, odamlarning tibbiy niqob taqishi, ijtimoiy masofa saqlashi nazoratga olinishi aytildi.

Muqaddas Ramazon oyida tarovih namozlarini ochiq hududlarda ado etish bo‘yicha tavsiya berildi. Shuningdek, iftorliklarni imkon qadar oila davrasida yoki 100 kishidan oshmagan holatda o‘tkazish zarurligi ma'lum qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov

Barcha umumiy ovqatlanish muassasalarida o‘rinlar 50 foizgacha cheklanadi, biroq 100 kishidan oshmasligi nazorat qilinadi.

Bundan tashqari, avtobuslarda o‘rindiqlarning soni 50 foizgacha cheklanadi. O‘z navbatida, avtobuslar soni ko‘paytiriladi.

Yig‘ilish davomida bosh vazir tibbiy niqobsiz yurgan fuqarolarni keskin tanqid ostiga oldi.

«Hududlarga bo‘lgan tashrifda yoki Toshkent shahrida mahallabay amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish uchun tashkillashtirilgan monitoring tadbirlarida o‘zim ko‘rib hayron bo‘lib qoldim. O‘zimiz ham tibbiy niqob taqib bordik, ammo u yerda yurgan biron kishi tibbiy niqob taqib yurganini ko‘rmadim. Shunchalik ham befarq bo‘lish mumkinmi? Kechirasizlar-ku, odam yoqasini ushlaydi. Bu kasallik xuddi elektr tokiga o‘xshaydi, hidi ham, rangi ham, mazasi ham yo‘q, odamni ham tanlab o‘tirmaydi», dedi u.

Bundan tashqari, hukumat rahbari to‘yga 100 kishidan ko‘p odam aytgan rahbarlar kerak bo‘lsa ishdan olinishini ma'lum qildi.

«Barqarorlikka erishilishi, mutaxassislarning tavsiyasi bilan to‘y va ma'rakada qatnashuvchilar sonini 100 kishigacha oshirdik. Hattoki, ba'zi rahbarlar ham 100 kishi mumkin ekan deb, to‘ylarni 200-300 kishilik qilib o‘tkazyapti. Davlat boshqaruv idoralarida rahbar lavozimlarida ishlayotganlarning o‘zi shuni qilyapti. Shunday ma'lumotlar ham yo‘q emas. Kerak bo‘ladigan bo‘lsa, aynan shu deb lavozimidan ketadi. Kuni kecha prezidentimiz shu bo‘yicha juda qattiq e'tiroz bildirdilar. Bir-ikki rahbar karantin talablariga rioya qilmagani uchun ham ishdan ketadi. Kechirasizlar-ku, oldin to‘ylarni to‘xtatishgacha borgan bo‘lsak, hozir ham qilamiz shu ishni. Xalq salomatligi uchun qilinadi shu narsa», dedi bosh vazir.

O‘z navbatida, yig‘ilishda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev O‘zbekistonda koronavirusga necha yoshlilar ko‘proq chalinayotgani to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Ayni paytda mamlakat hududida ro‘yxatga olinayotgan koronavirusdan kasallanganlarning yoshma-yosh tahlili quyidagicha: 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtacha 13-15 foizni; 15-19 yoshdagilar 4-6 foizni; 20-29 yoshdagilar 11-14 foizni; 30-39 yoshdagilar 17-20 foizni; 40-49 yoshdagilar 10-15 foizni; 50-59 yoshdagilar 12-16 foizni; 60 yosh va undan kattalar 22-26 foizni tashkil etmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top