10:17 / 17.04.2021
1504
O‘zbekistonda so‘nggi bir kunda 30 mingdan oshiq kishi emlandi

16 aprel kuni Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida koronavirus infeksiyasiga qarshi yana 34 318 kishi emlandi va shu vaqtgacha vaksina olganlar soni 370 mingga yaqinlashdi.

«16 aprel kuni mamlakatimiz hududlari bo‘ylab jami 34 318 nafar kishi COVID-19'ga qarshi emlandi. 

Shu tariqa ayni kungacha mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar soni 369 928 nafarga yetdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.

16 aprel kunidagi emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni:

  • Qashqadaryo viloyati (4450 nafar),
  • Samarqand viloyati (4221 nafar),
  • Buxoro viloyati (3100 nafar) band qildi.

Ta'kidlanishicha, hozirga qadar jami emlanganlar soni bo‘yicha rekord ko‘rsatkich esa Farg‘ona viloyatida (53 984 nafar) qayd etilgan. Andijon viloyatida COVID-19'ga qarshi emlanganlar 41 ming kishidan oshgan bo‘lsa, Namanganda ularning soni 39 mingga yaqinlashgan.

Eslatib o‘tamiz, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 1 apreldan viloyatlar markazlari va katta shaharlarda boshlandi. May oyida emlash tadbirlari tuman markazlari va kichik shaharlarda amalga oshiriladi.

Vaksina 65 yoshdan oshgan fuqarolarga va COVID-19'ni yuqtirish xavfi bo‘lgan tibbiyot xodimlariga bepul berilmoqda. Iyun oyida esa boshqa aholi qatlamini ham emlashni boshlash rejalashtirilgan.

Ayni paytda o‘zbekistonliklar AstraZeneca va Xitoy va O‘zbekiston hamkorligidagi ZF-UZ-VAS2001 vaksinasi bilan emlanmoqda. 

COVAX dasturi doirasida joriy yilning may-iyun oylarida 2 mln doza AstraZeneca, aprel-iyun oylarida esa 3,5 mln doza ZF-UZ-VAK2001 vaksinalarini O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan Rossiya Federatsiyasidan 1 million doza Sputnik V vaksinasi xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolanmoqda. 

Shu bilan birga, ayni paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan yana qo‘shimcha AstraZeneca vaksinasini xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top