17:07 / 17.04.2021
11128
Pnevmatik pistolet bilan dorixonaga bostirib kirgan shaxslar qo‘lga olindi
Foto: Tergov departamenti

 2021 yilning 11 aprel kuni soat 00:30 dan 01:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma'lum shaxs yuziga tibbiy niqob taqqan holda Farg‘ona shahri Marg‘ilon ko‘chasida joylashgan “555” nomli dorixonaga pnevmatik pistolet bilan qurollangan holda bostirib kirib, dorixonadagi navbatchi sotuvchi 28 yoshli O‘.U.ni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, dorixona g‘aznasida bo‘lgan 600 000 so‘m pullarni olib chiqib ketgan.

Qayd etilishicha, ushbu ikki nafar noma'lum shaxc Farg‘ona shahri Oybek ko‘chasida joylashgan “Sog‘lom hayot sari” nomli dorixonaga ham bostirib kirib, dorixonadagi navbatchi sotuvchi 20 yoshli Q.Jasurbekka qo‘llaridagi pnevmatik pistoletni ko‘rsatib, uni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, dorixona g‘aznasida bo‘lgan 400 000 so‘m pul va kuzatuv kamerasining xotira saqlash moslamasini olib hodisa joyidan yashiringanlar.
Jinoyatchilarning shaxsini aniqlash maqsadida JQB, YHXB, PPX, Tergov boshqarmasi hamda boshqa sohaviy xizmatlar xodimlaridan iborat maxsus tergov-tezkor guruhi tuzilib, yuqoridagi jinoyatga aloqador “Cobalt” rusumli avtomashina har ikki holatga ham aloqadorligi aniqlanib, ushbu avtomashinaning yo‘nalishi sinchiklab o‘rganilganda, mazkur jinoyatni Qo‘qon shahrida yashovchi fuqarolar 41 yoshli T.D. va 43 yoshli X.Sh. sodir qilganliklari ma'lum bo‘lib, viloyat IIB xodimlari tomonidan yashash manzilida qo‘lga olingan.

O‘z navbatida, ularning xonadonlari tintuv qilinganda, xonadonlardan bir dona “PM” rusumli pnevmatik pistolet, bir dona “Kalashnikov” rusumli pnevmatik avtomat, 250 dona dumaloqsimon pnevmatik o‘q, 1 juft avtomashina davlat raqami, bir dona aloqa ratsiyasi, bir dona niqob, bir dona qora rangli qo‘lqop, 3 dona kuzatuv kamerasi xotira moslamasi, 20 dona “Beeline” uyali aloqa kompaniyasiga tegishli “Sim-card”, 4 dona pichoq, bir dona “LIZ” rusumli dron (uchuvchisiz uchish apparati), shuningdek, “Cobalt” rusumli avtomashinadan bir dona chopqi, bir dona otverka, bir dona ombir va 1 juft avtomashina davlat raqam belgisi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari (bosqinchilik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan T.D. va X.Sh. ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, tergov harakatlari davomida, ushbu shaxslarni yana boshqa jinoyatga aloqadorliklari yuzasidan tekshiruvlar olib borilmoqda.

Avvalroq Quva tumanida xonadonga kirgan bosqinchilar qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.

Top