12:34 / 17.04.2021
14463
Prezident maktablaridagi bo‘sh ish o‘rinlaridan xabardor bo‘lish imkoniyati paydo bo‘ldi

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining job.piima.uz sayti ishga tushdi. Sayt agentlik tizimidagi maktablarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida to‘liq ma'lumot olish va ishga hujjat topshirish imkonini beradi.

Toshkent shahrida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan yaratilgan job.piima.uz saytining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Agentlik axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirovaning ta'kidlashicha, saytda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar haqida barcha ma'lumot joylangan. Saytdan maqsad 2021 yilda viloyatlarda ochiladigan 10ta Prezident maktabi va agentlik tasarrufidagi maktablarga malakali pedagoglarni jalb qilish hisoblanadi.

Sayt orqali o‘qituvchilar agentlik tizimidagi maktablarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lishi, mavjud vakant bo‘yicha ishga hujjat topshirishi mumkin.

Saytning qanday ishlashi bilan agentlikning seleksiya va pedagoglar malakasini oshirish bo‘limi boshlig‘i Nargiza Qo‘chqorova tanishtirdi.

Nargiza Qo‘chqorova

“Saytda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablardagi bo‘sh ish o‘rinlari va lavozimga qo‘yiladigan talablar bilan tanishish, anketani saytning o‘zida to‘ldirish va jo‘natish yo‘lga qo‘yilgan. Ariza filtratsiyadan o‘tgach, talabgorlarga sms-xabarnoma yuboriladi”, – dedi u.

Taqdimot davomida Prezident maktablari o‘qituvchilari uchun qo‘yiladigan talablar haqida Prezident maktablari bilan ishlash bo‘limi rahbari o‘rinbosari Gavhar Eshimova to‘xtalib o‘tdi.

Gavhar Eshimova

Uning aytishicha, Prezident maktabiga hujjat topshiruvchi o‘qituvchilar eng kamida 2-darajali toifadagi bakalavr darajasida bo‘lishi kerak. STEAM fanlarini o‘qitadigan ustozlar ingliz tilini kamida B2 darajada bilishi lozim.

Umumta'lim va Prezident maktablaridagi o‘qituvchilarning ish jarayonidagi farqlar haqidagi savolga Prezident maktabi direktori To‘raboy Shermatov javob berdi.

To‘raboy Shermatov

“Mahalliy o‘qituvchilarimiz uchun bu yerdagi faoliyat – ijod qiladigan maydon. Bu yerda ham o‘qituvchiga umumta'lim maktablaridagidek 1 stavka uchun 36 soat haftalik ish yuklama bor. Ammo farqi - Prezident maktabi o‘qituvchilari har biri kompyuter, yuqori tezlikdagi internet bilan ta'minlanib, xalqaro darajadagi o‘qituvchilar bilan tajriba almashishi mumkin”, dedi maktab direktori.

Top