17:00 / 17.04.2021
47543
Qurilish vaziri yirik loyihalarni tendersiz olgan «12-trest» bo‘yicha izoh berdi

Qurilish vaziri Botir Zokirov Mustaqillik maydoni va Oliy Majlisdagi qurilish-ta'mirlash ishlari uning yaqin qarindoshlariga aloqador «Trest-12» kompaniyasiga tendersiz berilganiga izoh berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

27 foizlik hissasi vazirning rafiqasi va o‘g‘liga tegishli bu kompaniya Mustaqillik maydonidagi 431,5 mlrd so‘mlik va Qonunchilik palatasini ta'mirlash bo‘yicha 16,5 mlrd so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan.

«12-Trest» – 42 yillik tarixga ega, O‘zbekistondagi eng yirik qurilish tashkilotlaridan biri. Unda o‘zim ham ishlaganman. Bu tashkilotda yaqinlarim ham, ustozlarim ham bor, 8-10 nafar sinfdoshlarim ham ishlagan», – dedi Botir Zokirov 17 aprel kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

«Bizda tartib shundayki, bugun, ish paytida qarindoshchilik yoki tanish-bilishchilik degan narsa yo‘q. Qat'iyat, ish – ish bilan. Do‘stlik, qarindoshchilikning o‘z joyi bor. Boshqachasiga ish yuritib bo‘lmaydi.

Bu tashkilotga hukumat ishiga o‘tganimdan beri ishlamayman, 11 yil bo‘ldi. Savollar bo‘lyapti, nega bu tashkilot tendersiz qurilish obektlarini olyapti? Ko‘pchilik shu savol bilan menga yuzlanyapti. Lekin bu tashkilotning bugun 51 foiz aksiyasi davlat boshqaruvida. Tendersiz berilganiga mening yoki oilamning aloqasi yo‘q. Albatta, davlat tashkiloti bo‘lib, tashkilotning zo‘r bo‘lib ketgan joyi yo‘q. Oxirgi paytlarda ko‘plab qiyinchiliklar paydo bo‘lmoqda.

Nima sababdan «12-Trest» bugun ko‘p joyda tanlanmoqda? Mustaqillik davridan boshlab, davlatimizning ko‘tarilish davrida juda ko‘p binolarni qurgan, quryapti. Oliy Majlis haqida gap bo‘ldi. Aslida, buning menga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi yo‘q. Oliy Majlis obektlarini, Administratsiyaga tegishli bo‘lgan obektlarni qurish bilan shug‘ullanuvchi tashkilot bor, davlat tashkiloti. Asosiy yirik obektlar mazkur tashkilot tomonidan qilinadi. Ana shu tashkilotda sharoit bo‘lmagani uchun Oliy Majlis binosiga ham «12-Trest» jalb qilingan.

O‘zi bunaqa tashkilotlar juda ham kam. «12-Trest» tashkiloti tarixida biror bir yirik qurilishni sifatsiz yoki vaqtida topshirmagani holati uchramagan. Zarariga bo‘lsa ham obektni oxiriga yetkazadi. Chunki bu – 42 yillik imij.

Agar jurnalistlar istasa, tashkilotning o‘zida ham suhbat uyushtirishimiz, ish jarayonini tanishtirishimiz mumkin», – dedi Zokirov.

Qurilish vaziri Botir Zokirov

Vazir «12-Trest» Mustaqillik maydonidagi 431 mlrd so‘mlik loyiha pudratchisi sifatida tendersiz tanlangani haqida gapirdi.

«12-Trest» tashkilotining ayrim obektlar qurilishida to‘g‘ridan to‘g‘ri belgilanishi sabablari bor. Tashkilot tarixi, sifat, muddat, bundan tashqari har bir tashkilotning o‘zining qonun-qoidalari bor. Har kim ham bu qonun-qoidalarni qilolmaydi.

1999 yil yurtimizda terakt sodir bo‘lganida Vazirlar Mahkamasida portlash bo‘lganida bir soat ichida «12-Trest» jalb qilinib, 3 oyda qaytadan ta'mirlangandi. Teraktlardan yana bittasi Bosh prokuraturada ham sodir bo‘lganida, ishni «12-Trest» qabul qilgandi. O‘sha kunning o‘zida ishchilar binoni yopib, ishni kechasi bilan binodan odam qoldiqlarini qirib olishdan boshlagandi. Bu ham qaysidir ma'noda savolga bir javob.

Albatta, obektning to‘g‘ridan to‘g‘ri berilishi menga bog‘liq emas, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadi. Shu kabi bu tashkilot Senat binosini ham qurgan, Vazirlar Mahkamasi binosini ham ikkinchi marta rekonstruksiya qildi.

«450 milliard» haqdagi tarqalgan xabarga kelsak, buni bilmayman, mening ham o‘z ishlarim bor. «12-Trest»ni menga bog‘lab bergan joyi yo‘q. Mablag‘ini ham keyin eshitdim, uning ham shunga yarasha ob'yomi bordir. Yana bir asosiy masala shuki, mana yaqinda 22 qavatli binoning yuqoridan 6 ta qavatini kelib olish kerak bo‘ldi. Qani, boshqa qaysi tashkilotning qurbi yetadi bunga. Bu tomoni ham bor. Ko‘pincha buyurtmachilar kelib menga «falon binoni «12-Trest» qilib bersin» degan holatlar ham bo‘ladi. Albatta, ularga qulay. 51 foiz davlat ulushi bo‘lgandan keyin, bu ishlarning menga sovug‘i ham, issig‘i ham yo‘q, aralashishni o‘zimga ep bilmayman».

Qurilish vaziriga ko‘ra, «12-Trest»dagi davlat ulushi sotilmoqda.

«Bu masalada qiziqish va qarama-qarshiliklar yo‘q. Qachon bo‘lishi mumkin? Mana hozir 12-Trest»ning 51 foiz davlat ulushini ochiq sotuvga qo‘yishgan. Agar sotiladigan bo‘lsa, albatta qiziqish bo‘ladi va men vazir bo‘lib ishlashim mumkin bo‘lmay qoladi. Bunday holatda men ariza yozib ketaman. U yerda ishlayotgan odamlarga bo‘shab ketgin, deb aytolmayman. O‘zim bo‘shab ketganim osonroq», – dedi Botir Zokirov.

 Jurnalistlar vazirdan nima uchun qurilishlar bu korxonaga aynan tendersiz berilishi sababini so‘radi.

«Obektlar tendersiz faqat Prezident qarori va Vazirlar Mahkamasi qarori bilan beriladi. Chunki bunga vakolati bor. Obektlar tendersiz berilmaydi. Tendersiz berilgan qaysi obekt bo‘lsa, albatta uning ostida qaror bor.

Vazirlar Mahkamasiga tegishli qaror uchun loyihani Qurilish vazirligi emas, balki buyurtmachi kiritadi. Masalan, Toshkent shahar hokimligi Shahidlar xiyoboni bo‘yicha qurilishni buyurtma beryaptimi, loyihani ham hokimlikning o‘zi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Agar biz buyurtmachi bo‘lganimizda, boshqa masala edi», – ta'kidladi qurilish vaziri.

Eslatib o‘tamiz, ushbu ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi holatini Aksilkorrupsiya agentligi o‘rganmoqda.

Top