11:00 / 19.04.2021
19152
Abdulla Aripov va Jahongir Ortiqxo‘jayev savdo obektlariga borib, karantin talablariga rioya etilishini o‘rgandi
Foto: Toshkent shahar hokimiyati axborot xizmati

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Toshkent shahar hokimi va boshqa mas'ul shaxslar bilan birgalikda poytaxtdagi bozorlar, supermarketlar, savdo-ko‘ngilochar markazlar va boshqa savdo obektlarini ko‘zdan kechirdi

Poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi va tarqalishi oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika Maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida belgilangan vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida amalga oshirildi.

Qayd etilishicha, ishchi guruh a'zolari Toshkent shahridagi bozorlar, supermarketlar, savdo-ko‘ngilochar markazlari va boshqa savdo maskanlariga tashrif buyurdi.

Bosh vazir va boshqa mas'ul shaxslar sotuvchilar, xaridorlar, ma'muriy xodimlar tomonidan karantin qoidalariga rioya qilinishi, ma'muriyat va epidemiologik osoyishtalik xizmatlarining karantin talablariga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishgani aytiladi.

Bundan oldin, O‘zbekistonda koronavirus yuqtirish holatlari keskin oshayotgani sababli 18 apreldan karantin nazorati kuchaytirilgani xabar berilgandi. Respublikada umumiy ovqatlanish muassasalarida va avtobuslarda o‘rinlar 50 foizgacha cheklandi. Shuningdek, 1 maydan konsert va tomoshalar kabi ommaviy tadbirlarni yopiq madaniyat saroylarida o‘tkazish cheklanadi.

Top