18:37 / 19.04.2021
3438
Belarusda Lukashenkoni internetda haqorat qilgan shaxsga ikki yilga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi 

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqda mamlakat ichki ishlar vaziri o‘rinbosarini haqorat qilgan shaxsga nisbatan bir yarim yilga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan. 

Foto: AP

Ijtimoiy tarmoq orqali Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoni haqorat kilgan shaxsga nisbatan ikki yilga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi. Bu haqda Belarus prokuraturasi saytida xabar qilindi. 

Xabarda aytilishicha, N. ismli ayol o‘tgan yil noyabrida sobiq hamkasblaridan birining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga kirib, guruhlardan biridagi yozuv ostiga "umuminsoniy axloq va odamlar orasidagi muloqot qoidalariga zid" izoh yozgan. 

"U izohida Belarus respublikasi prezidentini haqorat qilgan", - deyiladi prokuratura xabarida. 

Qayd etilishicha, ayolga tegishli smartfon musodara qilingan. 

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqda mamlakat ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Nikolay Karpenkovni haqorat qilgan shaxsga nisbatan bir yarim yilga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangani xabar qilingan. 

Top