22:38 / 19.04.2021
8011
Ichki ishlar organlari xodimlarining professionalligini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilmoqda

O‘zbekiston prezidentining «Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 sentyabrdan e'tiboran ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibiga quyidagilarni nazarda tutuvchi uzluksiz o‘quv-karera jarayoni tizimi joriy etildi:

  • ichki ishlar organlari rahbar tarkibining tegishli lavozimlariga tayinlanish uchun Akademiya magistraturasida o‘qish shartligi;
  • xodimlarga maxsus unvonlar berilishining hamda safdor va serjantlar tarkibidagi xodimlar ofitserlik lavozimlariga tayinlanishining asosiy talablaridan biri sifatida ularning qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan o‘tishi zarurligi.

Hujjatda belgilanishicha: 

  • ichki ishlar organlarining uzluksiz o‘quv-karera jarayoni tizimi tegishli tartib bo‘yicha amalga oshiriladi;
  • rahbar tarkibidagi tegishli lavozimlarga tayinlash uchun Akademiyaning ikkinchi darajali magistratura diplomiga ega bo‘lishga oid talab 2022 yil 1 sentyabrdan, birinchi darajali magistratura diplomiga ega bo‘lishga oid talab esa 2024 yil 1 sentyabrdan kuchga kiradi.

Shunday tartib o‘rnatildiki, unga muvofiq:

  • Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarining huquqshunoslik fani bo‘yicha idoraviy fan olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan bitiruvchilarining Akademiyaga o‘qishga qabul qilinishi uchun faqat maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tishlari yetarli hisoblanadi;
  • 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab ichki ishlar organlarining serjant tarkibidagi lavozimlarida xizmatni o‘tash uchun faqat oliy ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslar qabul qilinadi;
  • 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab ichki ishlar organlarining safdor tarkibidagi lavozimlariga nomzodlar faqat idoraviy akademik litseylar, harbiy-akademik litseylar bitiruvchilari, profilaktika inspektorining yordamchilari, shuningdek, oliy ma'lumotga ega yoki sirtqi ta'lim shakli bo‘yicha tahsil olayotgan shaxslar orasidan qabul qilinadi;
  • Akademiyaning sirtqi ta'lim shakliga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati tomonidan har yili belgilanadigan qo‘shimcha kvota bo‘yicha boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Qurolli Kuchlarda kamida uch yillik harbiy xizmat (xizmat) stajiga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin.

Akademiya kursantlarining o‘qishda, ma'naviy-ma'rifiy va sport-madaniy sohalarda yuqori natijalarga erishishga bo‘lgan intilishlarini rag‘batlantirish maqsadida Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravari miqdorida Jaloliddin Manguberdi nomidagi idoraviy stipendiya ta'sis etiladi.

Idoraviy stipendiya har o‘quv yili yakuniga ko‘ra 1 sentabr kuni berilishi ta'minlanadi.

Idoraviy akademik litseylar va Ichki ishlar vazirligi Ixtisoslashtirilgan maktab-internatining o‘qishda yuqori natijalarga erishgan o‘quvchilari uchun ko‘krak nishoni ta'sis etiladi.

Top