16:14 / 19.04.2021
11242
Reklama

Ipoteka-bank O‘zbekiston banklari orasida birinchilardan bo‘lib xalqaro moliya bozoriga milliy valutada yevroobligatsiya chiqarishga muvaffaq bo‘ldi

Foto: Ipoteka-bank

“Ipoteka-bank” aksiyadorlik-tijorat ipoteka banki Respublikamizdagi korporativ emitentlar orasida birinchi bo‘lib obligatsiyalarni milliy valutada yopiq obuna usulida xalqaro kapital bozoriga muvaffaqiyatli tarzda chiqarish va joylashtirishga erishdi.

Xususan, joriy yilning 16 aprel kuni Ipoteka-bankning 3 yillik 785 milliard so‘m (75 million AQSh dollari ekvivalenti) miqdoridagi yevroobligatsiyalari xalqaro Vena fond birjasida yillik 16% (16,5% effektiv) kupon stavkasi asosida muvaffaqiyatli joylashtirishga erilishildi. Xalqaro obligatsiyalarning milliy valutadagi debyut emissiyasi xalqaro miqyosda tan olingan J.P. Morgan (AQSh) anderrayting banki va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda amalga oshirildi.

Qayd etish lozimki, bankimiz tomonidan milliy valutadagi xalqaro yevroobligatsiyalarning muvaffaqiyatli joylashtirilishi xalqaro kapital bozoriga qimmatli qog‘ozlarini chiqarishni rejalashtirgan yurtimizdagi boshqa salohiyatli emitentlarning ham ishtiyoqini oshiradi va natijada chet eldan valuta xatarlari kam bo‘lgan milliy valutadagi uzoq muddatli qo‘shimcha resurslar jalb qilinishiga keng yo‘l ochadi.

Shu o‘rinda, “Ipoteka-bank, suveren darajadagi yuqori kredit reytingiga ega bo‘lgan faol xalqaro emitent sifatida, aniq maqsadni ko‘zlagan holda moliya bozorida o‘z mavqeini mustahkamlashda, salohiyatli investorlarning geografik bazasini kengaytirishda hamda moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilishda davom etmoqda. Hozirgi vaqtda ushbu doiradagi eng past foiz stavkada amalga oshirilgan uzoq muddatli bitimning, shubhasiz, bankning shu kabi keyingi emissiyalari uchun oriyentir bo‘lib xizmat qilishi uning o‘ziga xos xususiyatidir. Ipoteka-bank tomonidan yevroobligatsiyalar joylashtirilishi bo‘yicha potensial investorlar bilan olib borilgan muzokaralar samarasida sarmoyadorlar tomonidan berilgan talab taklifga nisbatan sezilarli darajada yuqori bo‘ldi”, - deya ta'kidladi Bank Boshqaruv Raisi E. Inomjonov.

Eslatib o‘tamizki, ilk marotaba, 2020 yilning noyabr oyida, Ipoteka-bankning 300 million AQSh dollari miqdoridagi yevroobligatsiyalari xalqaro London fond birjasida ro‘yxatdan o‘tkazilib muvaffaqiyatli joylashtirilgan edi.

Reklama huquqi asosida

Top