23:50 / 19.04.2021
21867
Oq uy Rossiyani Navalniyning o‘limi oqibatidan ogohlantirdi

Jyen Psakining qayd etishicha, AQShning pirovard maqsadi Navalniyning ozod etilishidir.

Foto: TASS

Agarda mahkumlikda saqlanayotgan muxolifatchi Aleksey Navalniy vafot etsa, Rossiya buning uchun javob beradi, dedi Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki.

«Biz mahkumlikdagi Navalniy bilan sodir bo‘ladigan holat uchun Rossiya hukumati javobgar bo‘ladi degan nuqtayi nazarni davom ettiramiz. Xalqaro hamjamiyat ham buni Rossiya hukumatidan so‘raydi», – dedi u.

Psakining qayd etishicha, AQShning pirovard maqsadi Navalniyning ozod etilishidir. U «Navalniyga nisbatan insoniy munosabatda bo‘lish kerak»ligini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan CNN telekanaliga bergan intervyusida Vashington «agar Navalniy mahkumlikda vafot etadigan bo‘lsa, bu Rossiya uchun yomon oqibat keltirib chiqarishini» bildirganini aytgandi.

Navalniy mart o‘rtalaridan buyon Vladimir oblastidagi 2-sonli jazoni ijro etish koloniyasida saqlanmoqda. 

Avvalroq siyosatchining ahvoli yomonlasha boshlagani ma'lum qilingandi.

Shundan so‘ng Navalniy koloniyadan mahkumlar uchun kasalxonaga ko‘chirilishi xabar qilindi.

Top