07:16 / 19.04.2021
10053

Rossiya o‘z hududidan 20 nafar chexiyalik diplomatni chiqarib yubormoqda 

Foto: TASS

Rossiya tashqi ishlar vazirligi 20 nafar chexiyalik diplomatni «persona non grata» deb e'lon qilib, ulardan 19 aprel oxirigacha mamlakatni tark etishni talab qildi.  

Rossiya Chexiyaning 18 rossiyalik diplomatni o‘z hududidan chiqarib yuborish qaroriga shunday javob berdi.  

Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vazirligi ushbu holat yuzasidan Chexiyaga e'tiroz bildirib, javob choralari ko‘rishga va'da bergan. Keyinroq tashqi ishlar vazirligiga Chexiyaning Moskvadagi elchisi Vitezslav Pivonka chaqirtirilib, unga javob choralari ko‘rilishi ma'lum qilingan. 

«Elchiga Rossiyaning Pragadagi elchixonasi xodimlariga nisbatan Chexiya tomonidan nodo‘stona harakat amalga oshirilgani yuzasidan qat'iy norozilik bildirildi. Vitezslav Pivonkaga Chexiyaning Moskvadagi elchixonasining 20 xodimi «persona non grata» deb e'lon qilinishi ma'lum qilindi», — deb xabar qilingan Rossiya TIVda. 

17 aprelda rasmiy Praga Rossiya maxsus xizmatlarini 2014 yilda Chexiyada o‘q-dori omborxonasidagi portlashga aloqadorlikda gumon qilib, rossiyalik 18 nafar diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qildi. Praganing fikricha, ushbu shaxslar Rossiya maxsus xizmatlarining diplomatik niqob ostida ishlovchi xodimlari hisoblanadi.  

Bundan tashqari, Chexiya portlashga aloqadorlikda Rossiya fuqarolari Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirovni ayblab, ularga qidiruv e'lon qilgan.  

Bu orada Rossiya tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning ta'kidlashicha, Chexiya rossiyalik diplomatlarni chiqartirib yuborishni e'lon qilishdan, G‘arb tomonidan Belarusda tayyorlangan davlat to‘ntaruviga urinishdan e'tiborni chalg‘itishni maqsad qilgan.

Mavzuga oid
Top