14:29 / 19.04.2021
9535
UzAuto Motors yangi mashinalar saloniga suv kirib ketishi holatlari bo‘yicha izoh berdi

Kompaniyaga ko‘ra, avtomobillar salonida suv to‘planishining sababi mashina korpusidagi texnik teshiklar demontaj qilinishi bilan bog‘liq.

UzAuto Motors avtomobillar korpusini suv bosayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaatlar bo‘yicha munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, avtomobillar zavodda suv bosimi bilan maxsus sinovdan o‘tkaziladi. Mashina saloniga suv kirishiga esa korpusdagi texnik teshiklar demontaj qilinishi sabab bo‘ladi.

«Bahor yomg‘irlar mavsumini boshlab keldi. Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil ishqibozlarining avtomobil korpusini suv bosayotgani haqidagi murojaatlari paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Videomurojaatdan ko‘rinib turibdiki, suv salon ichiga tushib, avtomobil gilamchalari ostida to‘plangan.

Yangi avtomobil salonida suv to‘planishining sababi, avtomobil korpusi texnik teshiklarining demontaj qilinganidir.

Avtomobil modeliga qarab texnik teshiklar transport vositasining pastki qismida yoki dvigatel panelida joylashgan bo‘ladi. Ularning har biri zavodning qopqoqlari bilan mahkamlangan.

Ko‘p hollarda texnik teshiklarning demontaji tashqi qurilmalar, masalan, videoregistratorlarni o‘rnatish paytida yuzaga keladi. Tashqi qurilmalarni o‘rnatishda ishonchli bo‘lmagan yoki noprofessional mutaxassislar teshiklarga zarar yetkazishi mumkin yoki qopqoqlashni butunlay unutib qo‘yishadi. Natijada esa, tananing zichligi buziladi va salon ichki qismiga suvning osonlik bilan kirishiga olib keladi.

Yangi avtomobilingizda bunday tushunmovchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik va muammoni bartaraf etaman deb qo‘shimcha muammolarni yuzaga chiqarmaslik uchun biz faqat sertifikatlangan xizmat ko‘rsatish markazlariga murojaat qilishni maslahat beramiz», deyiladi kompaniya munosabatida.

Qayd etilishicha, ishlab chiqaruvchining standart yo‘riqnomalariga ko‘ra, oldi-sotdi bitimini rasmiylashtirishdan oldin, dilerlar, mijoz huzurida avtomobilning sotuvoldi ko‘zdan kechirilishini o‘tkazishlarini e'tiborga olish zarur. Ushbu taomil shartnomani rasmiylashtirishdan oldin to‘liq jihozlanganini tekshirish, shuningdek, avtomobilga kafolatli xizmat ko‘rsatish shartlarini o‘rganib chiqish imkonini beradi.

Avvalroq, kompaniya avtomobillari avtosalondan nuqsonli holda sotilgani yuzasidan bir necha e'tirozlar paydo bo‘lgandi.  Xususan, mashinalar bo‘yog‘i sifatsiz chiqqani, iste'molchi korxonaga bir necha marta qilgan murojaati yuzasidan xabarlar berilgan.  

Top