18:45 / 19.04.2021
4953
XDP deputati: shifokor yetishmayapti, vazirlik nega yana shtatlarni qisqartirmoqchi?..
Foto: Xalq demokratik partiyasi

Qishloqda yashaydigan odam uchun bemorlik og‘riqlariga chidashdan ko‘ra, shaharga kelib tibbiy xizmatdan foydalanish masalasi ko‘proq qiyinchilik tug‘dirsa kerak.

Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida tibbiy yordam to‘g‘ri tashkil etilmasligi, kasalliklarning erta aniqlanmasligi bemorlarning markaziy shifoxonalarga murojaat qilishlariga sabab bo‘ladi.

Shu boisdan davlat rahbarining keyingi yillarda qabul qilingan sohaga doir hujjatlarida ixtisoslashgan malakali tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Bu boradagi chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni asosida qabul qilingan 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasida, “Reproduktiv yoshdagi ayollar, homilador va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini yanada kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori hamda  “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida aniq ko‘rsatib berilgan.

Ammo davlat rahbarining topshiriqlari har doim ham bekamu ko‘st ijro etilmoqda, deb ayta olmaymiz. Masalan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ko‘p tarmoqli tuman markaziy poliklinikalari, oilaviy poliklinikalar, qishloq shifokorlik punktlarining tibbiyot va boshqa xodimlari uchun ishlab chiqilgan shtat me'yorlari yuqorida ko‘rsatilgan vazifalarni to‘liq bajarishga imkon bermaydi.

Misol uchun, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda tor doiradagi mutaxassislar soni keskin qisqartirilgan ro‘yxatda bolalar nevropatologi, bolalar otolaringologi, bolalar endokrinologi, bolalar oftalmologi, bolalar ortoped-travmatologi kabi bir qator mutaxassislar ko‘rsatilmagan, pediatr uchun muassasaga 1,0 ish o‘rni ajratilgan.

Demak, pediatr 6 soat ishlaydi va soat 14:00 dan so‘ng poliklinikada pediatr shifokor qabuli bo‘lmaydi. Pediatr mehnat ta'tilida yoki kasallik varaqasida bo‘lgan vaqtda ham shu holat bo‘ladi.

Amaldagi tartibga ko‘ra chaqaloqlarda emlash ishlarini xavfsiz amalga oshirish uchun, albatta, nevropatolog ko‘rigi zarur. Bola rivojlanishining nazorati to‘g‘ri olib borilishi uchun ham ma'lum muddatlarda tor doiradagi mutaxassislar ko‘rigi talab qilinadi. Taklif qilingan shtatlar jadvaliga ko‘ra, bu ishni amalga oshirishning umuman iloji yo‘q. Xuddi, shuningdek,  muassasaga 1,0 ish o‘rniga xirurg va akusher-ginekolog shtatlari ajratilishi belgilangan.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, mamlakatimizda olib borilayotgan xatlov natijasida aniqlangan bemorlar markaziy poliklinika tor doiradagi mutaxassislari tomonidan hisobga olinib, davolash ishlari olib borilishi lozim. Amaldagi tartibga ko‘ra barcha homiladorlar homiladorlikning 1-trimestrida kardiolog, endokrinolog, oftalmolog, nevropatolog ko‘rigidan o‘tishlari kerak. Taklif qilingan shtatlar jadvali asosida bu vazifalarni amalga oshirishning imkoni yo‘q.

Shuningdek, oilaviy poliklinikalar uchun muassasaga 1,0 ish o‘rnida akusher-ginekolog shtati taklif qilinmoqda. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi “Qizlar va fertil yoshidagi ayollarga ko‘rsatiladigan akusher-ginekologik va tibbiy yordam xizmatlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida markaziy  hamda oilaviy poliklinikalar, qishloq shifokorlik punktlarida “ayollar maslahatxonalari” tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Oilaviy poliklinikaga 40-50 ming aholi biriktirilgan bo‘lsa, uning teng yarmi ayollardan iborat, albatta. Akusher-ginekolog zimmasiga faqat homiladorlar nazorati emas, balki barcha yoshdagi qizlar va ayollardagi ginekologik kasalliklarni aniqlash va davolash yuklatilgani hisobga olinsa, bu me'yorni poliklinika tizimidan mutlaqo bexabar odam taklif qilgani ma'lum bo‘ladi.

Mutasaddilardan izoh so‘ralganda, bu o‘rinlar baribir vakant, shuning uchun qisqartiriladi, degan javobni oldik. Sog‘liqni saqlash tizimi vazifalaridan kelib chiqqan holda, joriy etilgan bunday mutaxassis o‘rinlari sonini qisqartirishni shunday yuzaki javob bilan izohlash mumkinmi?..

Qolaversa, oilaviy shifokorlik punktlari uchun mudir shtati  kiritilmagan. Bu muassasalar QVP tizimida tashkil etilganda ham mudir shtati yo‘q edi. Mudirlik, ya'ni ma'lum hududda istiqomot qilayotgan aholining salomatligi uchun mas'ul bo‘lgan tashkilotni boshqarish vrachlardan biriga yuklatib qo‘yilgan. Bu holda shifokor aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, bemorlarni aniqlash va davolash bilan shug‘ullansinmi  yoki bitmas-tuganmas tashkiliy ishlar bilanmi?..

Sohaga oid qabul qilinayotgan qarorlar, yilimizning nomlanishi aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirishni taqozo qilar ekan, aholiga taalluqli bo‘lgan me'yoriy hujjatlar, albatta, aholi, quyi bo‘g‘in mutaxassislari fikri, deputatlar muhokamasini hisobga olmasdan  qabul qilinishi mumkin emas, deb hisoblaymiz. Sog‘liqni saqlashdek muhim sohani kabinetda o‘tirib yozilgan hujjatlar bilan rivojlantira olmaymiz.

Yuqorida keltirilgan holatlarni tahlil qilish, tizimda yana muammolar paydo bo‘lishining oldini olish maqsadida quyidagi takliflarni bildiramiz:

1. Ambulator-poliklinika tizimidagi barcha muassasalarni biriktirilgan aholi soniga qarab kategoriyalarga ajratish;

2. Har bir tibbiy muassasa kategoriyasiga muvofiq davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmini aniqlash;

3. Aholi ehtiyojidan, tibbiyot muassasasining markazdan uzoqligi, aholi soni inobatga olingan holda muassasada tashkil etilishi mumkin bo‘lgan pulli tibbiy xizmat turlarini aniqlash;

3. Shtatlar jadvalini muassasaning kategoriyasiga muvofiq shakllantirish;

4. Shtat birliklarini muassasa nizomida ko‘rsatilgan tibbiy yordam hajmi va tarkibi, amaldagi qonun va boshqa me'yoriy hujjatlar asosida qayta ko‘rib chiqish;

5. Shtatlar jadvalini tuzishda tizimda faoliyat yuritayotgan tajribali mutaxassislar ishtirokini ta'minlash.

Ushbu takliflar davlat rahbari tibbiyot tizimi oldiga qo‘ygan vazifalarning to‘laqonli ijro etilishiga, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga xizmat qiladi, deb o‘ylaymiz.

Maqsuda Vorisova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi a'zosi

Xalq demokratik partiyasining rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini kuzatib boring:

Top