10:26 / 20.04.2021
3112
Atrof-muhitni eng ko‘p ifloslantiruvchi saytlar reytingi e'lon qilindi
Foto: pixabay.com

Mutaxassislar sayyoramiz atmosferasini karbonat angidrid gazi bilan eng ko‘p ifloslantiruvchi internet saytlari reytingini tuzishdi. Green Queen nashrining xabar berishicha, Reddit ko‘ngilochar sayti atrof-muhitni eng ifloslantiruvchi sayt deb topildi. 

Turli resurslarning o‘z ishi davomida qancha energiya iste'mol qilishini taqqoslovchi Uswitch britan platformasi 200ta eng ommaviy sayt atmosferada qoldiradigan «uglerod izlari»ni hisoblab chiqdi. Bunda saytning energiya iste'moliga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan ko‘plab omillar – xostingdan tortib to saytda qo‘llanuvchi shrift o‘lchami, surat, video va ranglar hisobga olindi. Shuningdek, bulutli xizmat, telekommunikatsion tarmoq tomonidan sarflanuvchi energiya va tiklanuvchi energiya manbalarida ishlovchi ma'lumotlarni qayta ishlash markazlari ham nazarda tutilgan. 

Natijalarga ko‘ra, Reddit ko‘ngilochar sayti sayyorani eng ifloslantiruvchi sayt deb topildi. Ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu sayt foydalanuvchining faqat birgina tashrifi va saytda 69ta «klik» (biror axborot ustida sichqonchani bosish) bajarishining o‘zida atrof-muhitga 13,05 gramm karbonat angidrid chiqaradi. Bu miqdor avtomobilda 5 km yo‘l bosib o‘tilganda chiqadigan zararli gazga teng. 

Antireytingning yuqori uchligidan Pinterest sayti (bir tashrif vaqtida atrof-muhitga 12,43 gramm CO2 chiqaradi) va Nintendo o‘yinlar portali (11,43 gramm CO2) joy oldi. Bundan tashqari, Accuweather ob-havo ma'lumotlari sayti, ESPN sport platformasi, Victoria’s Secret brendi sayti, Uniqlo moda tarmog‘i, elektronika va gadjetlar internet-do‘koni, Banggood hamda Alibaba sayti atrof-muhitni eng ifloslantiruvchi saytlar yuqori o‘ntaligiga kiritildi. 

Bu orada Vikipediya sayti internetdagi eng «toza» sayt deb topildi. U foydalanuvchining bir tashrifi vaqtida atrof-muhitga bor-yo‘g‘i 0,04 gramm karbonat angidrid gazi chiqarar ekan. Shuningdek, LinkedIn ijtimoiy tarmog‘i, H&M moda giganti sayti, Paypal onlayn-to‘lovlar tizimi, WordPress veb-sayti, Coinbase kriptovaluta birjasi ham eng zararsiz saytlar deb topilgan. 

E'tiborlisi, tahlil turli sohalarda yuritiluvchi saytlar sayyoramiz atmosferasiga turlicha ta'sir qilishini ko‘rsatgan. Misol uchun, masofadan ishlashda qo‘llanuvchi saytlar moda va go‘zallik sohalarida yuritiluvchi saytlardan ko‘ra ekologik sofroq ekani aniqlangan.

Top