17:48 / 20.04.2021
1896
Navoiyda soxta hujjatlar bilan katta miqdorda kredit olgan firibgarlarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Foto: KUN.UZ

Navoiy viloyati Xatirchi tumanida 414 million so‘m kredit mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Xatirchi tuman bo‘limi tomonidan ATB «Agro bank» Xatirchi filialining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro S.Q. firibgarlik bilan katta miqdorda kredit mablag‘ini olgani aniqlangan.

Jumladan, u jiyani X.ning nomiga «Y.Ch.» MChJni tashkil qilib, amalda jamiyatni o‘zi boshqargan. Qayd etilishicha, S.Q. tumanning chekka hududida doimiy ish bilan band bo‘lmagan yoshlar va aholiga ish o‘rinlarini yaratish mazmunida bank filialidan 414 million so‘m kredit olishga erishgan. Aslida esa hech ish qilmagan va ish o‘rinlari yaratish rejasida ham bo‘lmagan holda kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan MChJning rasmiy va norasmiy rahbarlariga nisbatan jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top