15:03 / 20.04.2021
11318
Qorabog‘da ichida cho‘chqa boqilgani aytilgan 18-asrga oid masjid buzib yuborildi
Foto: Reza

Tog‘li Qorabog‘dagi Qubadli tumani hududida joylashgan ko‘hna masjid buzib yuborildi. Bu yerda arman istilochilari cho‘chqa boqqani aytiladi.

Qorabog‘dagi urushdan keyin Ozarboyjon nazoratiga qaytgan Qubadlidagi bu masjid 18-asrda qurilgan. Masjid Xudofarin – Qubadli – Lochin yo‘li qurilishi davomida ehtiyotsizlik oqibatida buzib qo‘yilgan. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev voqea tafsilotlarini o‘rganishga topshiriq berib, aybdorlar jazolanishini aytgan.

Yo‘l qurilishi davomida Yusufbeyli qishlog‘idagi masjid buzilishi haqida rasmiy organlar ogohlantirilmagan. 2001 yilda mahalliy ahamiyatdagi arxitektura yodgorligi sifatida ro‘yxatga olingan. U Xudofarin – Qubadli – Lochin avtomobil yo‘lining yaqinida joylashgan. Ma'lum bo‘lishicha, avtomobil yo‘li qurilishida subpudratchi korxona bo‘lib ishtirok etayotgan Ozarboyjon avtomobil yo‘llari davlat agentligi mutasaddilarini jiddiy choralar kutmoqda.

Bu voqeadan keyin Qorabog‘dagi vayronalarni tiklash guruhlariga madaniy va arxitektura yodgorliklarini asrash bo‘yicha alohida ko‘rsatma berilgan. Yusufbeyli qishlog‘ida joylashgan bu masjid arman istilosidan keyin xarob holatga tushib qolgan va u yerda turli xil hayvonlar, xususan, cho‘chqa boqilgan. Qorabog‘dagi urush tugagach, masjid askarlar tomonidan tozalanayotgani tasvirlangan video tarqalgandi. Unda askarlar masjidda hayvonlar boqilganini aytgan.

Top