16:32 / 20.04.2021
3192
Qoraqalpog‘istonda YPX xodimi va fuqaro o‘rtasida mojaro yuz berdi 

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonda YPX xodimi fuqaroni urgani haqida xabar va videolavha tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi holat yuzasidan ma'lumot berdi.

Joriy yilning 18 aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qo‘ng‘irot tumani hududida, dehqon bozori atrofida xizmat olib borayotgan YPX xodimi A.Allamberganovning yoniga mast holdagi fuqaro kelib, xodimga nisbatan turli harakatlar bilan xizmat faoliyatiga xalaqit bergan.

“Xodim fuqaroga mast holda ekanligini, yashash uyiga borishi zarurligini ta'kidlashiga qaramasdan, turli so‘zlar bilan xodimga xalaqit berishda davom etgan.

Shundan so‘ng, YPX xodimi va fuqaro o‘rtasida nizoli holat yuzaga kelgan. YPX xodimi fuqaroni tibbiy ko‘rikdan o‘tishga taklif qilgan va tibbiy ko‘rik xulosasiga ko‘ra, mastlik holati tasdiqlangan”, deyiladi ma'lumotda. 

Qayd etilishicha, YPX xodimi tuman IIB boshlig‘i nomiga bildirgi orqali murojaat qilib, bo‘lib o‘tgan holatni batafsil bayon qilgan va tegishli tartibda ko‘rib chiqilishini so‘ragan. 

Mazkur holat yuzasidan Qo‘ng‘irot tumani IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top